Apple TV ilovasiga Google Cast funksiyasi qo‘shildi

Apple kompaniyasi Android tizimidagi Apple TV ilovasini yangilab, unga Google Cast’ni joriy etdi. Endilikda foydalanuvchilar o‘z telefonlaridagi tasvirni to‘g‘ridan to‘g‘ri Chromecast, Google TV va Android TV qurilmalariga uzatishlari mumkin.
Avval Android foydalanuvchilari kontentni asosan mobil qurilmada yoki televizordagi o‘rnatilgan ilova orqali ko‘rish bilan cheklangan edi. Yangi funksiya ushbu to‘siqni olib tashlaydi va Apple qurilmalari talab qilinmasdan turib katta ekranlarda tomosha qilish imkonini beradi. Ilova yangilangach, ekranda Cast belgisi paydo bo‘ladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Google Cast ko‘plab Android foydalanuvchilari uchun asosiy funksiya hisoblanadi. Ushbu yangilanish Apple TVni Netflix, Disney+ va YouTube TV kabi yillar davomida kastingni qo‘llab-quvvatlab kelgan raqobatchilar bilan tenglashtiradi hamda AirPlay funksiyasiga muqobil imkoniyat yaratadi. Yangilanish Google Play Store orqali bosqichma-bosqich tarqatilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple iOS 26.3 beta versiyasini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.