U shifokor bo‘lmoqchi edi — Braun universitetidagi otishmada halok bo‘lgan o‘zbekistonlik o‘smir haqida

AQShdagi Braun universitetida sodir bo‘lgan otishma qurbonlaridan biri 18 yoshli talaba MuhammadAziz Umurzoqov bo‘ldi. Washington Post nashri uning oila a’zolari va do‘stlari bilan suhbatlashib, Umurzoqov haqida maqola e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Umurzoqov biokimyo va neyrofanlar yo‘nalishida o‘qigan, kelajakda miya jarrohi bo‘lishni orzu qilgan. Uning o‘limi yaqinlari va do‘stlari uchun og‘ir yo‘qotish bo‘ldi.
«Bu shunchaki adolatsizday tuyuladi, chunki u juda ko‘p harakat qildi va shuncha qiyinchiliklarni boshdan kechirdi-yu, oqibati shunday bo‘ldi», — deydi 22 yoshli Ruxsora Umurzoqova.
U maktabda a’lochi bo‘lgan, turli intellektual musobaqalarda qatnashgan. Bolaligida bosh miyasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani uning shifokor, ayniqsa, miya jarrohi bo‘lish orzusini yanada mustahkamlagan. U Braun universitetiga grant asosida o‘qishga kirgan.
«U tashqaridan hech qanday repetitorlik olmagan. Hammasini o‘zi qildi. O‘shanda u kuzda Braunga borishga juda ishtiyoqmand edi. U shunday derdi: bu mening hayotimdagi eng yaxshi yil. Men bu yerda juda baxtliman», — deya uning so‘zlarini keltirdi Umurzoqova.
Oila 2011-yilda tinchroq hayot izlab Bruklindan Virjiniyaga ko‘chib o‘tgan. Opalarining so‘zlariga ko‘ra, oila ikki yil avval O‘zbekistondan emigratsiya qilgan va barchalari AQSh fuqaroligini olgan. Onasi hamshira, otasi esa yuk tashish biznesi bilan shug‘ullanadi.
Yillar davomida rejalashtirib, yig‘ib-tergandan so‘ng, ota-onasi shanba kuni ertalab boshqa qarindoshlari bilan Saudiya Arabistonining Makka shahriga Umra ziyoratiga uchib ketishdi. Umurzoqova singlisi bilan Misrga qo‘nayotgan samolyotga telefon qilib, akasi yo‘qolganini aytishgan, so‘ng er-xotin Saudiya Arabistoniga qo‘nganida o‘g‘lining o‘limi haqida eshitgan. Shundan keyin ota-ona darhol Nyu-Yorkka qaytdi.
«Ular larzaga tushgandi», — deydi Umurzoqova. Ukasiga shuncha umid bog‘langan edi. «Hammamizda ham shunday, masalan, «Amerika orzusi». Ota-onam boshidanoq bizga: «Bunday buyuk ishlarni siz qilishingiz kerak», deyishgan… Bu juda og‘ir yo‘qotish», — deydi u.
MuhammadAzizning kasbiy orzulari doimo uning xayolida edi. Yotoqxonadagi qo‘shnisi va yaqin do‘sti Vanessa aytishicha, u hatto arzimas xatoda ham hazil aralash «Menga neyroxirurg sifatida o‘zingni ishonarmiding?» deb so‘rardi.
Shanba kuni soat 14:57 da u do‘stiga oxirgi xabarini yuborgan: «Meni iqtisodiyot darsiga sudrab kelishdi», deb yozib, sinfxonadagi proyektorda «Yakuniy imtihon sharhi» degan yozuv aks etgan suratni jo‘natgan.
Taxminan bir soat o‘tib, aynan shu sinfxonada qurollangan shaxs o‘q uzdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq MuhammadAziz Umurzakov xotirasiga xayriya mablag‘lari yig‘ilayotgani haqida xabar berilgandi. Hozirga qadar xayriya uchun $411 ming jamlandi.