
BYD kompaniyasi 2025-yilgi Ocean Day tadbirida Ocean seriyasiga mansub yangi flagman modellari — BYD Seal 08 va Sealion 08 krossoverini ilk bor namoyish qildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Har ikki model 2026-yilning birinchi choragida rasman taqdim etilishi rejalashtirilgan. Yangi avtomobillar BYD’ning eng so‘nggi texnologiyalari bilan jihozlanadi. Kelgusida ushbu liniya Seal 09 va Sealion 09 modellari bilan kengaytiriladi. Shu tariqa Ocean seriyasida 5678 nomli yangi model qatori shakllantiriladi.

Seal 08 va Sealion 08 modellari 2025-yil aprel oyida Shanxay avtosalonida taqdim etilgan Ocean S kontsepti asosida yaratilgan. Ular Ocean Aesthetic 2.0 dizayn tilining yangi avlodiga mansub bo‘ladi.
Qayd etilishicha, BYD avvalroq Xitoyda Seal 08 nomi ostida elektr sedan uchun sertifikat olgan edi. Ushbu modelning kuzov o‘lchamlari 4720 × 1880 × 1495 mm, g‘ildirak bazasi esa 2820 mmni tashkil etadi. Biroq u 2025-yil iyun oyida bozorda Seal 06 EV nomi bilan sotuvga chiqarilgan.

Seal 06 EV’ning bazaviy versiyasi 110 kVt quvvatga ega elektromotor va 46,1 kVt/soatli Blade batareya bilan jihozlangan. Uning yurish masofasi 470 kmni tashkil etadi. Kuchliroq versiya esa 160 kVt motor va 56,6 kVt·soatli batareya bilan 545 km masofani bosib o‘ta oladi. Kutilayotgan Seal 08 modeli bundan ham yuqori texnik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishi mumkin.
Sealion 08 krossoveri esa taxminan 5 040 mm uzunlikka va 2 950 mm atrofidagi g‘ildirak bazasiga ega bo‘ladi. Model 2+3+2 sxemadagi yetti o‘rindiqli salon bilan taqdim etilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi BYD Seal 07 EV taqdim etilgani haqida yozgan edi.