Yangiliklar

Google tarjimonda real vaqt rejimidagi tarjima ishga tushdi

Google ushbu imkoniyatni 2026-yilda iOS va boshqa bozorlarga ham joriy qilishni rejalashtirmoqda
Foto: Getty Images

Google kompaniyasi Google tarjimon ilovasiga muhim yangilanish kiritdi. Endi xizmat nutqni real vaqt rejimida tarjima qila oladi.

Bu imkoniyat xorijda ma’ruza tinglash, jonli suhbatlarni tushunish yoki film va seriallarni asl tilida tomosha qilishni ancha osonlashtiradi. Foydalanuvchiga quloqchin taqib, ilovadagi Live Translate rejimini yoqish kifoya.

Yangi funksiya Gemini sun’iy intellekt modellari asosida ishlaydi. Tarjima jarayonida nafaqat aytilgan mazmun, balki nutq ohangi, pauzalar va urg‘ular ham hisobga olinadi.

Yangilanish uchta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi. Birinchidan, matn tarjimasi sifati sezilarli yaxshilandi: so‘zlashuv uslubi va murakkab iboralar endi kontekst asosida tarjima qilinadi. Bu imkoniyat hozircha AQSh va Hindistonda ingliz tilidan qariyb 20 ta tilga tarjimada mavjud.

Ikkinchidan, ovozli jonli tarjima beta rejimida ishga tushirildi. Android foydalanuvchilari istalgan quloqchin orqali suhbatdosh yoki audio kontentni o‘z tilida oqimli tarzda eshita oladi. Hozirda funksiya AQSh, Meksika va Hindistonda sinovdan o‘tkazilmoqda hamda 70 dan ortiq tilni qo‘llab-quvvatlaydi. Google ushbu imkoniyatni 2026-yilda iOS va boshqa bozorlarga ham joriy etishni rejalashtirmoqda.

Uchinchidan, ilovadagi til o‘rganish rejimi ham takomillashtirildi. Endi talaffuz va gap tuzilishidagi xatolar aniqroq ko‘rsatiladi, foydalanuvchini rag‘batlantirish uchun mashg‘ulotlar ketma-ketligi hisoblab boriladi. Til mashg‘ulotlari funksiyasi qariyb 20 ta yangi mamlakatda ishga tushirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google iOS uchun Chrome’da Gemini SI yordamchisini ishga tushirgani haqida yozgandi.