
Humans Mobile kompaniyasi O‘zbekistondagi barcha xizmatlari hech qanday uzilishlarsiz ishlayotgani, yuridik jarayonlar va sudning bankrotlik to‘g‘risidagi qarori mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatiga ta’sir qilmasligini bildirdi.
«Humans MChJga nisbatan yuridik jarayonlar xizmatlar ishi, sifat va mijozlar uchun qulaylikka ta’sir qilmaydi», – deyiladi kompaniya bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, poytaxt sudi kompaniyani bankrot deb topib, uning faoliyatini tugatish jarayonini boshlagan edi. Humans vakillari sudning ushbu qarorini qonunchilikka zid deb hisoblamoqda. Kompaniya sud qarorlari ustidan bir necha bor shikoyat qilgan va apellyatsiya bergan bo‘lsa-da, sudlar ularni himoya qilishdan muntazam ravishda bosh tortib kelmoqda.
Shuningdek, Humans Mobile qator davlat va tijorat tuzilmalari, ularning xodimlari hamda aksiyadorlari harakatlarini O‘zbekistondagi biznesga nisbatan «reyderlik hujumi» deb baholamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Humans ilovasidagi to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar bergan edi.