Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Kiberhuquq” va kiberxavfsizlik yo‘nalishlari ochiladi

eʼlon qilindi
Kelgusi yildan boshlab
Huquqni muhofaza qilish akademiyasida «Kiberhuquq» va kiberxavfsizlik yo‘nalishlari ochiladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining yangi binosi hamda ta’lim va ilmiy faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Akademiya prezidentning 2022-yil 28-noyabrdagi farmoniga muvofiq Bosh prokuratura akademiyasi negizida tashkil etilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida prokuratura va tergov organlari uchun kadrlar tayyorlaydigan ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasiga aylandi.

Foto: President.uz

Akademiya infratuzilmasi izchil rivojlantirilib, ma’muriy bino, oshxona, mehmonxona, kovorking hududi, konferens-zal va kutubxona zamonaviy talablar asosida qayta barpo etildi. O‘quv korpuslari va yotoqxonalarning ta’mirlanishi hisobiga ta’lim oluvchilarni qamrab olish imkoniyati ikki baravarga oshdi, sport majmualari qurilishi davom etmoqda.

Nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirish maqsadida kriminalistika poligonlari, sud jarayoni imitatsiyasi zallari, kiberpoligon, «darknet» va sud-ekspertizasi laboratoriyalarini o‘z ichiga olgan 12 ta maxsus xona tashkil etildi.

Akademiyada bakalavriat va magistratura bosqichlari joriy etilgan. «Tergov faoliyati» va «Prokurorlik faoliyati» yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kelgusi yildan «Kiberhuquq» bakalavriat yo‘nalishini ochish rejalashtirilgan. Magistraturada korrupsiyaga qarshi kurash va inson huquqlari yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Shuningdek, uzluksiz malaka oshirish tizimi, masofaviy va aralash ta’lim kurslari, sun’iy intellekt asosidagi o‘quv platformalari joriy etilgan. Akademiya huzurida yuridik klinika, Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi hamda Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti faoliyat yuritmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumanida barpo etilgan yirik quvvatli kogeneratsiya markazi faoliyati bilan tanishgan edi.

Shuningdek