Ilk mundialimizda munosib ishtirok etishga harakat qilamiz — Otabek Shukurov

16-dekabr 2025 16:48 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Otabek Shukurov / Foto: O‘FA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Otabek Shukurov Jahon chempionatidagi raqiblar va turnirga tayyorgarlik haqida fikrlar bildirdi.

Otabek Shukurov «JCh-2026» guruh bosqichidagi raqiblar Portugaliya va Kolumbiya haqida fikr bildirdi. Uning fikricha, guruh o‘yinlari o‘tkaziladigan shaharlar orasidagi 800-1000 km masofa jiddiy muammo tug‘dirmaydi, chunki o‘yinlar oralig‘i 5 kunni tashkil etadi. Futbolchi jamoaning maqsadi guruhdan muvaffaqiyatli chiqish va muxlislarni xursand qilish ekanligini ta’kidladi.

Otabek Shukurov / Foto: O‘FA

Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, mundialga munosib hozirlik ko‘rish maqsadida bosh murabbiy Yevropadan 2-3 nafar professional oshpazni jamoaga taklif qilgan. Yangi tartibga ko‘ra, futbolchilar ratsionidan osh va shunga o‘xshash yog‘li taomlar kamaytirilib, o‘rniga sportchilar uchun zaruriy ozuqalar kiritilgan.

«Futbolda mayda detallar bo‘lmaydi. Mashg‘ulotdan oldin va keyin beriladigan vitaminlar, to‘g‘ri ovqatlanish — bularning barchasi katta ahamiyatga ega», — dedi futbolchi.

Shuningdek, jamoaga Yevropadan malakali fizioterapevt ham qo‘shilishi kutilmoqda. Jismoniy tayyorgarlik masalasida ham tahlillar o‘tkazilgan. So‘nggi yig‘in davomida murabbiylar shtabi o‘zbekistonlik futbolchilarning ko‘rsatkichlarini avvalgi jahon chempionatlari standartlari bilan solishtirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Otabek Shukurov BAA klubi bilan shartnoma imzolagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek