
Ilon Mask boyligi $600 mlrddan oshgan tarixdagi birinchi insonga aylandi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Daromad ortishi uning SpaceX kompaniyasi $800 mlrdlik baholash bilan ommaviy savdolar (IPO)ga chiqishi mumkinligi haqidagi xabarlar ortidan yuz berdi.

Mask kelasi yili ommaviy kompaniyaga aylanishi kutilayotgan SpaceX’ning taxminan 42 foiz aksiyalariga egalik qiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kompaniyaning yangi baholanishi milliarderning boyligini $168 mlrdga oshirib, umumiy qiymatini $677 mlrdga yetkazishi mumkin.
Mask oktabr oyida $500 mlrdlik marrani zabt etgan birinchi inson bo‘lgan edi. Shuningdek, Tesla aksiyalari ham Maskning boyligiga hissa qo‘shdi. Robotaksilar xavfsizlik monitorlarisiz sinovdan o‘tkazilayotgani haqidagi xabardan so‘ng kompaniya aksiyalari dushanba kuni qariyb 4 foizga o‘sdi.

Bundan tashqari, uning sun’iy intellekt sohasidagi xAI startapi $230 mlrdlik baholash bilan $15 mlrd sarmoya jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla direktorlar kengashi a’zolari 3 mlrd dollar ishlab topgani haqida xabar bergan edi.