
Argentina va Ispaniya milliy jamoalari o‘rtasidagi uzoq kutilgan Finalissima sanasi tasdiqlandi. Ushbu bahs 2026-yilning 27-mart kuni Qatarning «Lusail» stadionida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda MARCA xabar bermoqda.
Ushbu uchrashuv 2024-yilgi Amerika Kubogi g‘olibi (Argentina) va Yevropa chempioni (Ispaniya) o‘rtasidagi prinsipial bahs bo‘lib, Jahon chempionati oldidan eng yirik sinov hisoblanadi. O‘yinning asosiy intrigalaridan biri bu avlodlar to‘qnashuvidir.

Zamonaviy futbol afsonasi Lionel Messi va bugungi kunning eng yorqin yosh iqtidori Lamine Yamal faoliyatlarida ilk bor maydonda o‘zaro raqib sifatida to‘qnash kelishadi. Eslatib o‘tamiz, ispaniyalik talant egasining aynan Leo Messi bilan rasmlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
Yaqinda o‘tkazilgan 2026-yilgi Jahon chempionati qur’a tashlash marosimi natijalariga ko‘ra, har ikki terma jamoaning musobaqadagi dastlabki raqiblari ma’lum bo‘ldi. Amaldagi jahon chempioni Argentina «J» guruhidan joy oldi va guruh bosqichida Jazoir, Avstriya hamda Iordaniya terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Yevropa chempioni Ispaniya esa «H» guruhida Saudiya Arabistoni, Urugvay va Kabo-Verde bilan kuch sinashadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan eng qimmat futbolchilar reytingida Mbappe Yamalga yetib olgani haqida xabar bergan edi.