
AQShning yirik birjalaridan biri bo‘lgan Nasdaq savdo soatlarini kengaytirish orqali haftaning besh kuni davomida 24 soatlik savdoni joriy etmoqchi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
So‘nggi yillarda investorlar orasida aksiyalarni bozor soatlaridan tashqari uzluksiz savdo qilishga bo‘lgan talab oshgan. Nasdaq ham besh kun davomida doimiy savdoni joriy etishga birinchi rasmiy qadamni qo‘ymoqda. Kompaniya prezidenti Tal Kohenning aytishicha, mazkur tartib 2026-yil ikkinchi yarmida ishga tushiriladi.
| Sessiya | Vaqti (AQSh Sharqiy vaqti) | Izoh |
|---|---|---|
| Kun sessiyasi | 04:00 – 20:00 | Pre-bozor, asosiy bozor va post-bozor savdolari davom etadi; ochilish qo‘ng‘irog‘i 09:30, yopilish qo‘ng‘irog‘i 16:00 |
| Texnik tanaffus | 20:00 – 21:00 | Texnik xizmat, test va clearing ishlari uchun tanaffus |
| Kechki sessiya | 21:00 – 04:00 | 21:00 – 00:00 oralig‘ida amalga oshirilgan savdolar keyingi kunning savdolari sifatida hisoblanadi |
Doimiy savdo joriy etilganda Nasdaq aksiyalar va birjada savdoga chiqarilgan mahsulotlar savdo soatlari haftasiga besh kun davomida 16 soatdan 23 soatga oshiriladi. Yangi tizimda ikki sessiya bo‘ladi: kun sessiyasi 04:00 – 20:00, undan keyin bir soat texnik tanaffus; kechki sessiya esa 21:00 – 04:00 oralig‘ida bo‘ladi. Kun sessiyasida pre-bozor, asosiy va post-bozor savdolari davom etadi. Kechki sessiyada esa 21:00 – 00:00 oralig‘ida amalga oshirilgan savdolar keyingi kunning savdolari sifatida hisoblanadi. Savdo haftasi yakshanba soat 21:00 da boshlanib, juma 20:00 da tugaydi.
Hozirda 24/7 savdo qilishni istagan investorlar off-exchange savdo platformalari yoki Blue Ocean, Bruce ATS va OTC Moon kabi alternativ tizimlarga tayanmoqda. Nasdaqning Shimoliy Amerika bozorlaridagi vitse-prezidenti Chak Makning aytishicha, dunyo bo‘ylab investorlar Nasdaqda ro‘yxatga olingan kompaniyalarga o‘z shartlari va vaqt zonalarida kirishni istaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nasdaq va Franklin Templeton O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozori rivojlanishini qanday tezlashtirishi mumkinligi haqida yozgan edik.