Sport

«Old Trafford»da gollar shousi: «Manchester Yunayted» va «Bornmut» durang qayd etdi

Foto: Manchester Evening News

Angliya Premyer ligasining 16-turi doirasida «Manchester Yunayted» o‘z maydonida «Bornmut»ni qabul qilib, mavsumning eng tomoshabop o‘yinlaridan birini o‘tkazdi.

«Old Trafford»da kechgan uchrashuvda tomonlar jami 8 ta gol urishdi va bahs 4:4 hisobidagi jangovar durang bilan yakunlandi. Mezbonlar o‘yin davomida g‘alabani ilib ketishga yaqin kelgan bo‘lsa-da, so‘nggi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol bunga to‘sqinlik qildi.

Foto: The Independent

O‘yin «qizil iblislar» uchun omadli boshlandi. 13-daqiqada Amad Diallo hisobni ochdi. Biroq «Bornmut» tezda o‘ziga keldi va 40-daqiqada Antuan Semenyo muvozanatni tikladi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda Kazemiro mezbonlarni yana oldinga olib chiqdi.

Ikkinchi bo‘lim haqiqiy trillerga aylandi. Tanaffusdan so‘ng mehmonlar Evanilson va Taverniening gollari evaziga hisobda oldinga chiqib olishdi. O‘yin oxiriga kelib «Yunayted» yana tashabbusni qo‘lga oldi. 77-daqiqada Bruno Fernandesh jarima zarbasidan super gol urgan bo‘lsa, 79-daqiqada Mateus Kunya hisobni 4:3 ko‘rinishiga keltirdi.

Манчестер Юнайтед VS Борнмут - Обзор

Ammo 84-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Junior Kroupi yakuniy nuqtani qo‘ydi va «Bornmut»ga qimmatli bir ochkoni taqdim etdi. Durangdan keyin Ruben Amorim shogirdlari 26 ochko bilan turnir jadvalida 6-o‘rinda bormoqda, «Bornmut» esa 21 ochko bilan 13-o‘rinni band etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «MYU» safarda «Brentford»ga mag‘lub bo‘lib, 13-o‘ringa tushib ketgani haqida xabar bergan edi.