O‘zbekistonda WB Taxi ilovasi ishga tushdi, Humans kompaniyasi ishlashda davom etayotganini ma’lum qildi — 16-dekabrning muhim hodisalari

O‘zbekistonda WB Taxi ilovasi ishga tushdi, Humans kompaniyasi ishlashda davom etayotganini ma’lum qildi — Kursiv Uzbekistan tomonidan 16-dekabrning muhim hodisalari jamlandi.
Chevrolet Cobalt avtomobili Qozog‘istonda eng ko‘p sotildi

2025-yil noyabr oyida Qozog‘iston avtomobil bozorida Chevrolet Cobalt avtomobili tarixiy rekord natija qayd etdi. Noyabr oyida rasmiy dilerlar 25,8 mingta yangi avtomobil sotdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,7 foizga ko‘p. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, bu mamlakat tarixidagi eng yuqori oylik natija hisoblanadi.
2025-yilning eng yaxshi hamyonbop smartfonlari qaysi

Avvallari arzon smartfonlar sifatsiz degan tushuncha bor edi. Bugun esa 2025-yilning eng yaxshi hamyonbop telefonlari asosiy ehtiyojlarni bemalol qondiradi va katta xarajatlarsiz zamonaviy imkoniyatlarni taklif qiladi. Tom’s Guide joriy yilning bir qator smartfonlarini sinovdan o‘tkazib, ularning eng arzon va eng yaxshilari bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi.
2026-yilda mehnat daftarchasisiz qanday pensiyaga chiqish mumkin

Mehnat daftarchasi yoki elektron mehnat daftarchasi mehnat stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanadi. 2005-yil 1-yanvardan oldingi ish davrlari mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida, qo‘shimcha hujjatlarsiz hisobga olinadi.
Wildberries O‘zbekistonda WB Taxi ilovasini ishga tushirdi

Wildberries kompaniyasi O‘zbekistonda WB Taxi nomli taksi buyurtma qilish uchun mobil ilovani ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi. Ilova Play Market va App Store’da O‘zbekiston foydalanuvchilari uchun mavjud. Shuningdek, u Rossiyada ham yuklab olinishi mumkin.
Humans kompaniyasi xizmatlari ishlashda davom etayotganini ma’lum qildi

Humans Mobile kompaniyasi O‘zbekistondagi barcha xizmatlari hech qanday uzilishlarsiz ishlayotgani, yuridik jarayonlar va sudning bankrotlik to‘g‘risidagi qarori mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatiga ta’sir qilmasligini bildirdi.
O‘zbekistonda 35 yoshgacha bo‘lgan eng muvaffaqiyatli tadbirkorlar reytingi e’lon qilindi
Reyting ikki bosqichda shakllantirilgan. Dastlab OAV, ijtimoiy tarmoqlar, biznes reytinglari, mukofotlar hamda ekspert va tadbirkorlar tavsiyalari asosida 100 nafar nomzod saralab olingan. Ular media faolligi, obro‘-e’tibori, innovatsion mahsulot va xizmatlari, erishilgan natijalari hamda biznesning ijtimoiy mas’uliyati kabi mezonlar bo‘yicha baholangan.
«Manchester Siti» O‘zbekiston bilan bog‘liq hamkorlikka ishora qildi

Angliyaning «Manchester Siti» klubi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali O‘zbekiston bilan bog‘liq hamkorlikka ishora qildi. E’lon qilingan postda 2025-yil 19-dekabr sanasi ko‘rsatilgan bo‘lib, shu kuni rasmiy bayonot berilishi kutilmoqda.
17-dekabr uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

17-dekabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 105,56 so‘m (-24,45so‘m) etib belgilandi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 12,97 so‘mga tushib, 14 232,51 so‘mni, rubl esa 0,48 so‘mga tushib, 152,56 so‘mni tashkil qildi.
Qurilish vazirligining binosi 180 mlrd so‘mdan ortiqqa sotildi
16-dekabr kuni E-auksion platformasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Toshkent shahrida joylashgan ma’muriy binosi bo‘yicha savdolar bo‘lib o‘tdi. Savdolar yakuniga ko‘ra, obyekt 182,477 mlrd so‘mga sotildi. Bu ko‘rsatkich boshlang‘ich narxdan qariyb 40 foizga yuqori. Eng yuqori taklif bilan «O‘zshahar Qurilish Invest» kompaniyasi auksion g‘olibi bo‘ldi.
O‘zbekistonning 6 ta viloyatida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi

Joriy yilning 17–22-dekabr kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik va havo haroratining o‘zgarishi sabab respublikaning bir qator tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 15-dekabrning muhim hodisalari haqida ma’lumot bergandi.