
Joriy yilning 17 – 22-dekabr kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik va havo haroratining o‘zgarishi sabab respublikaning bir qator tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Xususan, ushbu kunlarda:
- Qashqadaryo viloyati: Dehqonobod, Kitob, Qamashi, Shahrisabz tumanlarida;
- Surxondaryo viloyati: Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Uzun tumanlarida;
- Samarqand viloyati: Nurobod, Qo‘shrabot, Samarqand, Urgut tumanlarida;
- Jizzax viloyati: Baxmal, Zomin tumanlarida;
- Toshkent viloyati: Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari (Chotqol tizmasi tog‘lari);
- Namangan viloyati: Pop tumanida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi.
Gidrometeorologiya xizmati agentligi tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar va ushbu hududlarda harakatlanayotgan haydovchilardan ehtiyotkorlik choralariga qat’iy rioya qilishni so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, 16-dekabr kuni O‘zbekistonning ba’zi joylarida yomg‘ir yoki qor yog‘ishi, kechasi va ertalab ayrim hududlarda tuman tushishi kutilayotgani xabar qilingandi.