Poytaxtda 65 million dollarlik yirik issiqlik ta’minoti markazi ishga tushirildi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumanida barpo etilgan yirik quvvatli kogeneratsiya markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yunusobod tumanidagi 4-issiqlik markazi hududida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan, quvvati 100 MVt bo‘lgan kogeneratsiya markazi bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik ishlab chiqaradi. Loyiha Xitoyning CNTIC kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bo‘lib, uni moliyalashtirish uchun $65 million miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya yo‘naltirilgan. Majmua 3,5 gektar maydonda joylashgan.





Inshootda Buyuk Britaniyaning Rolls-Royce kompaniyasiga tegishli 70 ta zamonaviy gaz-porshen uskunalari o‘rnatilgan. Shu bilan birga, qozonxonalardan iste’molchilargacha bo‘lgan issiqlik ta’minoti infratuzilmasi to‘liq rekonstruksiya qilinib, issiqlik magistrallari yangilandi va izolyatsiyalangan quvurlar bilan almashtirildi.
Markaz ishga tushirilishi natijasida yiliga 876 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 858 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Natijada yiliga 35 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. Endilikda Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek va Yakkasaroy tumanlaridagi 1 ming 846 ta obyekt, jumladan, 1 ming 400 ta aholi xonadoni va ko‘plab ijtimoiy soha muassasalari doimiy issiqlik bilan ta’minlanadi. Shuningdek, 292 ming xonadonga elektr energiyasi barqaror yetkazib beriladi.




Loyiha hisobiga issiqlik energiyasini ishlab chiqarish xarajatlari 40–45 foizga qisqaradi. Atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar kamayib, oqova suv tashlanmalari yuzaga kelmaydi, bu esa ekologik barqarorlikni ta’minlaydi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida 11 ming 630 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, ularga 358 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi. Prezident ushbu tizimning mavsumga tayyorgarlik darajasi bilan qiziqib, mas’ullarga aniq va uzluksiz ishlash, aholi bilan doimiy muloqotda bo‘lish, uy-joy infratuzilmasini tartibli saqlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident amaliy tashrif bilan Ashxobodga borgani haqida yozgandi.