
Qirg‘izistonlik ayol folbin maslahati bilan qabristonga 43 ming dollar ko‘mdi. Bu haqda ArbatMedia xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ayol o‘zining moliyaviy ahvolini yaxshilash va biznesda muvaffaqiyatga erishish maqsadida o‘zini ekstrasens deb tanishtirgan ayolga murojaat qilgan. Folbin unga pul oqimini ochish uchun maxsus marosim o‘tkazish kerakligini aytgan.
Firibgar ayol jabrlanuvchiga katta miqdordagi naqd pulni qabristonga ko‘mishni buyurgan. Ayol uch marotaba bir xil qabrga borib, pulni ko‘mgan.

Folbin har safar pullar sehrli kuchlar ta’sirida yo‘q bo‘layotganini aytgan. Biroq uchinchi marotabadan so‘ng ayolda shubha paydo bo‘lgan va u huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etgan.
Politsiya xodimlari gumonlanuvchini tezkorlik bilan aniqlab, uni qo‘lga olgan. Hozirda holat yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 16-dekabrga munajjimlar bashoratini yozgan edi.