
16-dekabr kuni E-auksion platformasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Toshkent shahrida joylashgan ma’muriy binosi bo‘yicha savdolar bo‘lib o‘tdi.
Auksion 1 soat 7 daqiqa davom etib, jarayon davomida jami sakkizta stavka kiritildi.
Savdolar yakuniga ko‘ra, obyekt 182,477 mlrd so‘mga sotildi. Bu ko‘rsatkich boshlang‘ich narxdan qariyb 40 foizga yuqori. Eng yuqori taklif bilan «O‘zshahar Qurilish Invest» kompaniyasi auksion g‘olibi bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, «O‘zshahar Qurilish Invest» 2017-yil yanvar oyida Toshkent shahrida tashkil etilgan bo‘lib, uy-joy qurilishi faoliyati bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning ustav fondi 1 mlrd so‘mni tashkil etadi. Korxonaning yagona ta’sischisi Nuriddin To‘yiyevich Qodirov bo‘lsa, rahbari lavozimini Baxtiyor Mamadiyevich Saatov egallab kelmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Raqobat qo‘mitasi binosi kimoshdi savdosiga qo‘yilgani haqida yozgandi.