Sidneydagi qonli hujum ijrochilari IShID g‘oyasidan ilhomlangan

Sidneyning mashhur Bondi sohilida Xanuka bayrami nishonlanayotgan vaqtda sodir etilgan va kamida 15 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan hujum ijrochilari IShID g‘oyasidan ilhomlangan. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchilar, 50 yoshli Sajid Akram va uning 24 yoshli o‘g‘li Navid Akram 2025-yilning 1-noyabr kuni Filippinga uchib ketishgan va u yerda qariyb bir oy bo‘lib, 28-noyabrda Sidneyga qaytishgan. Sajid Akram Hindiston pasportidan, o‘g‘li esa Avstraliya pasportidan foydalangan.
Filippin rasmiylari ularning IShID’ga aloqador jangarilar faoliyati bilan tanilgan Mindanao oroliga borganini tasdiqladi. Kichik gumondorning avtomobilidan qo‘lbola portlovchi qurilmalar va ikkita IShID bayrog‘i topilgan. Hujum oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan, 24 kishi esa turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonalarda qolmoqda, ulardan 8 nafarining ahvoli og‘ir.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoregistrator yozuvlarida ikki nafar yo‘lovchi hujumchilarni to‘xtatishga uringani aks etgan. Afsuski, ular otishma paytida halok bo‘lgan. Bosh vazir Entoni Albaniz hujumchidan qurolni tortib olishga muvaffaq bo‘lgan va hozirda shifoxonada davolanayotgan Ahmed al Ahmedni «Avstraliyaning haqiqiy qahramon» deb atadi.
Ushbu voqea Avstraliyada so‘nggi 30 yil ichidagi eng yirik ommaviy qotillik sifatida baholanmoqda. Hukumat rahbari mamlakatda qurolga egalik qilish qonunlarini qayta ko‘rib chiqish va eng qat’iy choralar joriy etishga va’da berdi.

Taklif etilayotgan o‘zgarishlar orasida fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga qurol saqlashni taqiqlash va ruxsat etilgan qurol turlarini cheklash masalalari ham bor. Hozirda tirik qolgan kichik Akramga nisbatan jiddiy ayblovlar ilgari surilgan, uning otasi esa politsiya bilan otishmada halok bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sidneydagi savdo markazidagi hujumda olti kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.