Tadbirkorlarga qo‘yilgan 1,6 mingdan ortiq majburiy talablar bekor qilindi

Hukumat tadbirkorlik faoliyatini soddalashtirish va sohadagi byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan muhim qaror qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Xususan, veterinariya xizmati nazorati ostidagi 1568 ta mahsulot pozitsiyasi bo‘yicha moslik sertifikatini olish talablaridan tortib, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ortiqcha cheklovlar bekor qilindi.
Shu bilan birga, yakka tartibdagi tadbirkorlarning import faoliyatida $5 ming miqdoridagi cheklov, turistlarga uy-joyni 30 kungacha ijaraga berish hamda yog‘ochdan mebel tayyorlashga doir talablar ham bekor qilindi.
Adliya vazirligi tomonidan tadbirkorlik sohasidagi barcha majburiy talablar yagona elektron reestrga kiritilgan bo‘lib, hozirda unda 36 mingdan ortiq talab mavjud. Vazirlik doimiy ravishda soha kesimida qo‘shimcha qulayliklar yaratish va byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlar uchun Biznes hamroh tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.