Toshkent shahrida sun’iy ko‘l va havzalar barpo etiladi

eʼlon qilindi
Poytaxtda 26 ko‘cha tun-u kun ishlay boshladi
Toshkent shahrida sun’iy ko‘l va havzalar barpo etiladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning asosiy yo‘nalishlarini belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilishda ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi ma’lum qildi.

Sergeli, Yangihayot va Bektemirda yuqori texnologik sanoat va logistika loyihalari boshlanadi

Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlari yuqori texnologik sanoat va logistika «o‘sish nuqtasi» sifatida belgilandi. Kelasi yili Sergelida maydoni 120 ming kvadrat metr bo‘lgan $70 mlnlik zamonaviy agrologistika va omborxona ishga tushiriladi. Yangihayotdagi «Yangi avlod» sanoat zonasida elektrotexnika, to‘qimachilik, avtomobilsozlik va oziq-ovqat sohasida $2 mlrdlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar Birlashgan Arab Amirliklarining «DP World» kompaniyasi tomonidan zamonaviy logistika tizimi bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Sanoat zonasi Yangihayot va Bektemirdagi 640 gektar hisobidan kengaytiriladi, umumiy qiymati $3 mlrdlik ekologiya talablariga mos va yuqori texnologik yangi loyihalarni boshlash topshirildi.

Poytaxt tumanlarida xizmatlar, kreativ iqtisodiyot va turizmga $4,5 mlrdlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

Shuningdek, Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida xizmatlar, kreativ iqtisodiyot, dizayn va turizm asosiy investitsiya yo‘nalishlariga aylantiriladi. 37 gektarda $1 mlrdlik «Uchtepa siti» loyihasi amalga oshiriladi. Loyihada zamonaviy mehmonxona, biznes markazlar, savdo-ko‘ngilochar majmua va apartamentlar barpo etiladi. Chilonzor, Yakkasaroy va Olmazorda jami $2,5 mlrdlik shunday loyihalar yo‘lga qo‘yiladi. Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod va Yashnobod tumanlarida esa sun’iy intellekt, startap, fintex, moliya, tibbiyot va ta’lim sohasida $1 mlrdlik loyihalar amalga oshiriladi.

Foto: President.uz

Poytaxtda 26 ko‘cha tun-u kun ishlay boshladi

Xizmatlar hajmi so‘nggi to‘qqiz yilda yiliga 20 foizdan o‘sib, $30 mlrdga yaqinlashdi. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni $38 mlrdga, 2027-yilda esa $45 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda shahardagi 26 ta ko‘cha tun-u kun ishlaydigan ko‘chalarga aylantirildi, bu orqali 1,2 mingta savdo-servis obyektida 5 ming aholi daromadli bo‘ldi. Kelgusi yilda yana 18 ta shunday ko‘cha tashkil etish topshirildi.

«Toshkent tajribasi» bilan 7-11-sinf o‘quvchilari ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlarda o‘qitiladi

Toshkentda bugungi kunda 75 tadan maktab va bog‘cha, 23 ta sport obyektiga ehtiyoj mavjud. Tuman hokimlariga har yili 1 tadan maktab, bog‘cha va sport obyektini qurish, qolgan obyektlar investitsiya dasturi doirasida barpo etilishini ta’minlash vazifasi berildi. Shu yildan har bir tuman maktablarida «Toshkent tajribasi» boshlangan bo‘lib, 7-11-sinfdagi 1,5 ming o‘quvchi AT, tibbiyot, biznes va muhandislik yo‘nalishlarida o‘qitilmoqda. O‘qituvchilarga fan natijalariga qarab 20 million so‘mgacha oylik maosh to‘lanadi. Bu tajribani kengaytirib, kelgusi yili maktablar sonini 24 taga, 2027-yilda 33 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Foto: President.uz

Toshkent transport tizimi sun’iy intellekt yordamida boshqariladi: 100 «aqlli» chorraha va 200 elektrobus joriy etiladi

Transport tizimini takomillashtirish bo‘yicha yagona boshqaruv markazi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir ko‘cha va chorrahada sun’iy intellekt yordamida transport va piyodalar oqimi tahlil qilinadi. Poytaxtga kirishdagi nazorat postlari qayta joylashtiriladi va rekonstruksiya qilinadi, 3,5 ming yuk va 5,5 ming yengil avtomobil uchun turargohlar hamda kempinglar barpo etiladi. Kelgusi yilda 100 ta «aqlli» chorraha, 30 mingta avtomobil to‘xtash joyi, 300 ta bekat, 40 km piyoda va 20 km veloyo‘laklar quriladi, 100 km yo‘l ta’mirlanadi, Yunusobod va Yashnobodda yo‘l o‘tkazgich va tunnel barpo etiladi. 200 ta elektrobus olib kelish vazifasi qo‘yildi.

Toshkent ekologiyasini yaxshilash maqsadida sun’iy ko‘l va havzalar, sayr ko‘chalari va «yashil belbog‘»lar barpo etiladi

Ekologiya masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkent shahri «Oxford Economics» nashrining «Global shaharlar indeksi»da dunyodagi 1 ming shahar orasida 471-o‘rinni egalladi. Poytaxtni ekologiyasi barqaror 300 shahar qatoriga olib chiqish maqsadida 4 ta hududda sun’iy ko‘l va havzalar quriladi, 1-iyungacha har bir tumanda 5 km uzunlikdagi 3 tadan soyali sayr ko‘chalari foydalanishga topshiriladi, har 10 ta mahalla uchun 1 tadan yashil bog‘ barpo etiladi. 2026-yilda 18,5 km kanal qirg‘oqlari mustahkamlanadi. Bektemir, Sergeli va Yangihayot bo‘ylab Chirchiq daryosining 16 km qismi mustahkamlanadi, bu hududlarda 200 gektar «yashil belbog‘», 250 gektar ichki yo‘llar, sayilgohlar, piyoda va veloyo‘laklar qurilishi rejalashtirilgan.

Foto: President.uz

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yil poytaxt uchun «Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi» yili bo‘lishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek