Yangiliklar

Tramp siyosati sabab Ford 19,5 mlrd dollar zarar ko‘rdi

Tramp siyosati va talabning pasayishi kompaniyani gibrid modellarga o‘tishga majbur qildi
Foto: The Daily Economy

Ford Motor $19,5 mlrdlik moliyaviy zararni va bir nechta elektromobil modellarini ishlab chiqarishni bekor qilishini e’lon qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Kompaniya to‘liq elektrlashtirilgan F-150 Lightning modeli o‘rniga akkumulyatorni quvvatlash uchun benzin dvigatelidan foydalanadigan, yurish masofasi uzaytirilgan yangi modelni ishlab chiqaradi. Shuningdek, «T3» kod nomi ostidagi yangi avlod elektr yuk mashinasi va rejalashtirilgan tijorat elektromobillari loyihalari bekor qilindi.

Foto: Bloomberg.com

Ford bosh direktori Jim Farlining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda bozorning keskin o‘zgarishi ushbu qarorga turtki bo‘lgan. Moliya bo‘yicha $19,5 mlrd zararning $8,5 mlrdi bekor qilingan modellarga, $6 mlrdi Janubiy Koreyaning K On kompaniyasi bilan qo‘shma korxonaning tugatilishiga va $5 mlrdi dasturiy xarajatlarga to‘g‘ri keladi.

Ford endilikda gibrid modellarga urg‘u berib, 2030-yilga borib o‘z mahsulotlarining 50 foizini gibrid va elektromobillar tashkil etishini kutmoqda. AQShda noyabr oyida elektromobillar savdosi 40 foizga kamaydi, bunga $7,5 ming soliq imtiyozining bekor qilinishi sabab bo‘ldi.

Shunga qaramay Ford 2027-yilda narxi taxminan $30 ming bo‘lgan hamyonbop o‘rta o‘lchamli elektr pikapni sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oila uchun mo‘ljallangan Ford Explorer 2026 yangi dizaynda paydo bo‘lgani haqida xabar bergan edi.