Sport

Usmon Dembele 2025-yilning eng yaxshi futbolchisi

Usmon Dembele / Foto: AP News

Bugun, 16-dekabr kuni Syurixda o‘tkazilgan «The Best FIFA Football Awards» marosimida «Pari Sen-Jermen» hujumchisi Usmon Dembele 2025-yilning eng yaxshi futbolchisi deb e’lon qilindi.

Dembelening ushbu e’tirofga sazovor bo‘lishida uning 2024/2025-yilgi mavsumdagi natijalari hal qiluvchi rol o‘ynadi. «PSJ» o‘z tarixida ilk bor UEFA Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘lib, ichki chempionat va kubok bilan birga trebl qayd etdi. 2025-yil 31-may kuni bo‘lib o‘tgan finalda parijliklar Milanning «Inter» klubini 5:0 hisobida mag‘lub etgan va Dembele turnirning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan edi.

Foto: Telegram

Hujumchi o‘tgan mavsum davomida barcha musobaqalarda 49 ta o‘yinda maydonga tushib, 33 ta gol va 15 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Eslatib o‘tamiz, Dembele joriy yilning sentyabr oyida «Oltin to‘p» sovrinini ham qo‘lga kiritgan edi. U FIFA’ning «The Best» sovriniga ega chiqqan birinchi fransiyalik futbolchiga aylandi.

Marosimda boshqa nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. Xususan, «PSJ» sobiq a’zosi, hozirda «Manchester Siti» darvozaboni Janluiji Donnarumma 2025-yilning eng yaxshi darvozaboni deb topildi. Ma’lumot uchun, 2024-yil yakunlari bo‘yicha eng yaxshi futbolchi sovrini braziliyalik Vinisius Juniorga nasib etgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Manchester Siti» O‘zbekiston bilan bog‘liq hamkorlikka ishora qilgani haqida xabar bergan edi.