
2026-yilda Xiaomi bir qator mashhur smartfonlar qo‘llab-quvvatlanishini to‘xtatadi. Bu haqda XiaomiTime xabar bermoqda.
Gap xavfsizlik yangilanishlarining yakunlanishi haqida ketmoqda. Bu holat muhim hisoblanadi. Chunki EOL bosqichiga yetgan qurilmalar xavfsizlik jihatidan zaiflashadi. Shuningdek, bank va korporativ ilovalarda cheklovlar paydo bo‘lishi mumkin. Bunga Xiaomi’ning avvalgi yangilanish siyosati sabab bo‘lgan. Unga ko‘ra, smartfonlar 2-3 ta Android versiyasi va taxminan 4 yil xavfsizlik patchlari olgan.
2026-yilda qo‘llab-quvvatlanishi tugaydigan Xiaomi modellari orasida Xiaomi 12, 12 Pro, 12X, 12 Lite, shuningdek Xiaomi 12T va 12T Pro mavjud. 12T va 12T Pro modellari yil oxiriga yaqin EOL holatiga yetadi.
Redmi liniyasida Redmi Note 12 Pro+, Redmi Note 12 Pro 5G, shuningdek Redmi Note 12’ning 4G va 5G versiyalari qo‘llab-quvvatlashdan chiqariladi. Poco brendida esa Poco F5, X5 Pro 5G va X5 5G modellari yangilanish olmaydi.
Mazkur qurilmalar o‘z hayotiy siklini Android 15 hamda HyperOS 2 yoki HyperOS 3 bilan yakunlaydi. Xiaomi yangi smartfon seriyalarida qo‘llab-quvvatlash muddatini uzaytirgan. Biroq 2022 – 2023-yillarda chiqarilgan ushbu modellarning egalari 2026-yil ularning so‘nggi rasmiy yangilanish yili bo‘lishini inobatga olishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xiaomi kompaniyasi planshetlar narxini oshirgani haqida yozgan edi.