Avto

Avtomobilni qayta sotishda qanday muammolar yuzaga keladi

Yonilg‘i sarfi yuqori va faqat benzin dvigateliga ega avtomobillar tezroq arzonlashadi
Foto: Shutterstock

Yangi avtomobil sotib olgandan keyin ko‘pincha uning narxi pasayadi. Aksariyat modellar esa oradan bir necha yil o‘tgach, bozorda xaridorgirligini yo‘qotishi tabiiy. Gobankingrates mutaxassislari avtomobilni qayta sotishda qanday muammolar yuzaga kelishi haqida ekspertlar fikrlarini taqdim etdi.

Mutaxassislarga ko‘ra, yonilg‘i sarfi yuqori va faqat benzin dvigateliga ega avtomobillar tezroq arzonlashadi. Elektromobillarga qiziqish ortib borayotgani va yonilg‘i narxlarining oshishi bunday mashinalarni ikkilamchi bozorda kamroq jozibador qiladi.

Ishonchlilik va brend obro‘si ham muhim omil hisoblanadi. Nosozliklari bilan tanilgan yoki ishonchliligi past modellarga talab kam bo‘ladi. Yaxshi obro‘ga ega ishlab chiqaruvchilarning avtomobillari esa narxini uzoqroq saqlab qoladi.

Texnologiyalarning eskirishi ham katta rol o‘ynaydi. Zamonaviy xavfsizlik tizimlari, multimedia va raqamli funksiyalarsiz avtomobillar tezroq qiymatini yo‘qotadi. Xaridorlar «aqlli» yordamchilarga ega modellarni afzal ko‘rmoqda.

Texnik xizmat, ta’mirlash va sug‘urta xarajatlari yuqori bo‘lgan mashinalarni sotish ham qiyin. Ekspertlar foydalanish xarajatlari arzon bo‘lgan avtomobillarni tanlashni tavsiya qiladi.

Xavfsizlik darajasi ham ikkilamchi bozorda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, oilalar yuqori krash-test baholariga ega modellarni tanlaydi. Bunday avtomobillar likvidligini uzoqroq saqlaydi.

Ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan yoki haddan tashqari ommaviy bo‘lgan modellar ham tezroq arzonlashadi. Ehtiyot qismlar muammosi yoki bozorda taklifning ko‘pligi ularning jozibasini pasaytiradi.

Ekspertlar bir necha yildan keyin avtomobilni foydali sotishni rejalaganlarga ishonchli, zamonaviy texnologiyalarga ega va yaxshi obro‘li modellarni tanlashni tavsiya qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet Gentra avtomobili nega haliyam ommabopligi haqida yozgan edi.