
Yaponiya Xitoy rasmiylari bilan munosabatlar sovuqlashgani sababli pandalardan ayriladi, deya xabar bermoqda Kyodo agentligi. Mamlakatdagi so‘nggi ikki panda kelasi yil boshida asl vatani bo‘lmish Xitoyga qaytariladi.
Panda Xitoyning ramzi va milliy boyligi hisoblanadi. Ushbu hayvonlar Pekin tomonidan dunyo bo‘ylab turli hayvonot bog‘lariga ijara asosida beriladi. Kyodo ma’lumotiga ko‘ra, qaytarilayotgan pandalar Yaponiyadagi hayvonot bog‘ida tug‘ilgan bo‘lsa-da, ular Xitoy davlati mulki sanaladi.
Ma’lumot uchun, Xitoy ilk bor 1972-yilda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar normallashuvi ramzi sifatida Yaponiyaga pandalar yuborgan. Nashr ta’kidlashicha, pandalar yaponlar orasida katta mehr qozonib, muhim sayyohlik obyektlariga aylangan.
Tokio va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaiti Xitoyning Tayvanga hujumi Yaponiyaning mojaroga aralashishiga turtki bo‘lishi mumkinligini aytgach keskinlashgan. Vaziyatga Xitoyning Osakadagi konsuli Takaitini kesib tashlash kerak bo‘lgan iflos bo‘yin deb atagani ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan Yaponiya bilan 50 million dollarlik shartnomalar imzolagani haqida xabar bergan edik.