
2025-yilning 10 oyida 237 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Saudiya Arabistoniga safar qilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 96 ming nafarga, ya‘ni 68 foizga oshgan. Safar qilganlarning aksariyati turist sifatida yoki qarindoshlarini ziyorat qilish maqsadida borgan.
237 mingdan ortiq o‘zbekistonliklarning 197,9 ming nafari sayohat uchun, 38,2 ming nafari qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida ushbu davlatga tashrif buyurgan. Shuningdek, 924 nafar vatandoshimiz davolanish, 66 nafar xizmat yuzasidan va 31 nafari o‘qish masalalari bilan Saudiya Arabistoniga borgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yil boshidan beri 75 mingdan ortiq xorijlik davolanish uchun Oʻzbekistonga kelgani haqida yozgan edik.