
Apple kompaniyasi iPhone smartfonlari uchun ayrim chiplarni Hindistonda ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. The Economic Times nashriga ko‘ra, kompaniya Murugappa Group’ga tegishli CG Semi bilan dastlabki muzokaralarni olib borgan.
Ma’lum qilinishicha, Apple hozircha Hindistonda asosiy Apple A yoki yangi Apple C va N chiplarini ishlab chiqarishni rejalashtirmayapti. Muzokaralar, asosan, ekran bilan bog‘liq oddiy chiplar haqida ketmoqda.
Dastlab displey drayver chiplarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Hozirda Apple bunday chiplarni Samsung, Himax, LX Semicon va Novatek kabi kompaniyalardan xarid qiladi. Ushbu yetkazib beruvchilarning ishlab chiqarish quvvatlari Janubiy Koreya, Tayvan va Xitoyda joylashgan.
Shuningdek, Apple Hindistonda chip ishlab chiqarish bo‘yicha boshqa kompaniyalar bilan ham muzokaralar olib borayotgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda smartfonlar sezilarli darajada qimmatlashishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi. TrendForce tahlilchilariga ko‘ra, smartfonlar uchun xotira chiplaridagi tanqislik 2026-yilda hatto eng arzon modellarning ham sezilarli qimmatlashishiga olib keladi.