Yangiliklar

AQShdagi eski ombordan Chevrolet’ning 1957-yilgi afsonasi topildi

Ushbu mashina 30 yildan ortiq vaqt davomida garajda harakatsiz holatda saqlanib kelgan
Foto: E-bay

AQShning Ogayo shtatida 1950-yillarga oid noyob Chevrolet Corvette sportkari topildi. 1957-yilda ishlab chiqarilgan ushbu mashina 30 yildan ortiq vaqt davomida garajda harakatsiz holatda saqlanib kelgan.

Unga ko‘ra, birinchi avlodga mansub Chevrolet Corvette C1 1990-yillarning o‘rtalaridan beri foydalanilmagan. Avvalgi egasi avtomobilni restavratsiya qilishni boshlagan, hatto dvigatelini ham yechib olgan, biroq ish oxiriga yetmagan. Egasi vafot etgach, uning qarindoshlari sportkarni eBay platformasida sotuvga qo‘ygan.

Hozirda avtomobil ta’mirtalab holatda: bo‘yoq qatlami shikastlangan, ayrim joylarda zang paydo bo‘lgan. Salonida esa ichki qoplamaning bir qismini almashtirish talab etiladi. Shunga qaramay, bu Corvette’ning qiymati yuqori, chunki u yonilg‘i purkash tizimiga ega kamyob versiya hisoblanadi.

1957-yilgi Chevrolet Corvette dunyoda yoqilg‘i purkash tizimi bilan jihozlangan ilk seriyali avtomobillardan biri bo‘lgan. 4,6 litrli V8 dvigatel 283 ot kuchi ishlab chiqargan. Yengil shisha tolali kuzov tufayli sportkar 0 dan 100 km/soatgacha 5,7 soniyada tezlashgan va 214 km/soat maksimal tezlikka chiqa olgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan shu versiyadagi 1957-yilgi Chevrolet Corvette’dan atigi 1 040 dona ishlab chiqarilgan. Shu sababli hozirda bunday avtomobillarning bozordagi bahosi $80 minggacha yetmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet’ning 90-yillar afsonasi rekord narxda sotilgani haqida yozgandi.