Yangiliklar

«Avatar: Olov va Kul» filmi premyera oldidan tanqidlarga uchradi

Franshizaning yangi qismi seriyadagi barcha filmlar orasida eng past reyting ko‘rsatkichini qayd etdi
Foto: AugustMan Singapore

Jeyms Kemeronning «Olov va Kul» nomli «Avatar» franshizasining yangi qismi 19-dekabr kuni global premyerasi oldidan o‘nlab nashrlar tomonidan baholandi.

Rotten Tomatoes saytida yangi «Avatar»ning reytingi atigi 69% ni tashkil etadi, bu avvalgi filmlarga nisbatan past. Metacritic’dagi bahosi esa 61 ballga teng. Tanqidchilarning fikricha, yangi «Avatar» kino industriyasiga hech qanday innovatsionlik olib kirmayapti, hatto doimo franshizaning tashrif qog‘ozi bo‘lgan vizual qismda ham.

Associated Press nashri «Avatar»ning yangi qismini $1 mlrdlik beta-test deb atab, bu kassa muvaffaqiyatiga qaramay, hech qanday vizual hiylalar ahamiyatli ta’sirga ega hikoyani yarata olmasligini isbotladi, degan fikrni ilgari surdi.

Foto: Kino Check

Jurnalistlarning xulosasiga ko‘ra, filmdagi harakatlar va dialoglar jonsiz ko‘rinishga ega, qahramonlarga esa «ichki hayot» yetishmaydi. Shunga qaramay, turli nashrlar kashfiyotlar bo‘lmasa-da, «Avatar»ning tasviri kino sanoatida eng yaxshilaridan bo‘lib qolayotgani uchun «Olov va Kul»ni tomosha qilishga arziydi deb hisoblaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Disney va Jeyms Kemeron «Avatar 2» filmi bo‘yicha sudga berilgani haqida xabar bergan edi.