Disney «Sohibjamol va Maxluq» filmidagi Gaston haqida alohida kinokartina ishlamoqda

17-dekabr 2025 11:08 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Getty Images

Disney studiyasi «Sohibjamol va Maxluq» multifilmidagi salbiy qahramon Gaston haqida yangi kinokartina yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Variety nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, yangi loyiha ssenariysi David Callaham tomonidan yoziladi. U avval «Godzilla x Kong: The New Empire» hamda «Shang-Chi and the Legend of the Ten Rings» filmlarida hammuallif sifatida ishlagan. Hozircha film syujeti tafsilotlari ochiqlanmagan, shuningdek, rejissyor nomi ham e’lon qilinmagan.

«Sohibjamol va Maxluq» fransuz xalq ertagi asosida yaratilgan bo‘lib, unda kitobsevar qiz Bella la’nat tufayli maxluqqa aylangan shahzodaga oshiq bo‘lib, uni va uning qirolligini qutqaradi. 1991-yilda chiqqan animatsion film o‘sha paytda Disney tarixidagi eng yuqori daromad keltirgan loyiha bo‘lgan. 2017-yilda Emma Watson ishtirokida suratga olingan hayotiy versiya ham studiya uchun katta moliyaviy muvaffaqiyat keltirdi.

Gaston obrazi esa o‘ziga haddan tashqari ishongan, mag‘rur va qo‘pol ovchi sifatida tanilgan. U Bella’ning qat’iy rad javoblariga qaramay, undan voz kechmaydi. Qahramonning kuchli va yirik qomati hatto multfilm qo‘shig‘ida ham hazil bilan ta’kidlanadi. Gaston bolaligida har kuni o‘nlab tuxum yegan, katta bo‘lgach esa undan-da ko‘proq yeydigan darajaga yetgan.

2017-yilgi filmda Gaston rolini Luke Evans ijro etgan edi. Biroq yangi versiyada u bu rolga qaytmaydi. Disney qahramonga mutlaqo yangi talqin va yangi aktyor tanlashni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Disney va Jeyms Kemeron «Avatar 2» filmi bo‘yicha sudga berilgani haqida yozgandi.

Shuningdek