Avto

Elektromobillar tarixi: qachon, qayerda, qaysi model

XIX asr boshlaridayoq bir qator ixtirochilar elektr motor va batareyalar yordamida harakatlanuvchi transport vositalarini yaratishga uringan
Foto: Spinny

Elektromobillar ko‘pchilik o‘ylagandek zamonaviy davr mahsuli emas. Ularning tarixi ichki yonuv dvigateliga ega avtomobillardan ham avval boshlangan. XIX asr boshlaridayoq bir qator ixtirochilar elektr motor va batareyalar yordamida harakatlanuvchi transport vositalarini yaratishga uringan. «Kursiv» nashrining ushbu maqolasida elektromobillar tarixi va ularning rivojlanish bosqichlari haqida so‘z boradi.

Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Ilk elektr arava qanday bo‘lgan

1830-yillarda shotlandiyalik ixtirochi Robert Anderson dunyodagi ilk sodda elektr aravani ishlab chiqdi. Bu qurilma hozirgi tushunchadagi avtomobil bo‘lmasa-da, elektr energiyasi yordamida harakatlanish g‘oyasini amalda namoyon etdi. XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib esa Fransiya va Buyuk Britaniyada muhandislar tomonidan yanada takomillashgan, amaliy foydalanishga yaqin bo‘lgan elektromobillar sinovdan o‘tkazila boshlandi.

Foto: Vikimedia

1890-yillarga kelib elektromobillar sanoat sifatida shakllana boshladi. AQShlik kimyogar Uilyam Morrison 1890-yilda 6 o‘rinli elektromobilni taqdim etdi. Ushbu transport vositasi soatiga 23 kilometr tezlikka erisha olgan va jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otgan. Bu davr elektromobillarining imkoniyatlari o‘sha zamon uchun ancha ilg‘or hisoblangan.

XIX asr oxirida elektromobillar shahar hayotiga ham kirib keldi. 1897-yilda London ko‘chalarida ilk elektr taksilar qatnay boshladi. Xuddi shu yili Nyu-York shahrida 60 dan ortiq elektr ekipaj yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatgan. Bu elektromobillarning kundalik transport sifatida qo‘llanila boshlaganidan dalolat beradi.

O‘sha davrda elektromobillar bir qator ustunliklarga ega edi. Ular shovqinsiz va tutunsiz harakatlangan, tebranish deyarli bo‘lmagan. Eng muhimi, ularni ishga tushirish uchun qo‘l bilan krank aylantirish talab etilmagan. Bu esa benzinli avtomobillar bilan solishtirganda katta qulaylik yaratgan. Shu sababli elektromobillar XX asr boshlarigacha ichki yonuv dvigatelli mashinalar uchun jiddiy raqobatchi bo‘lib kelgan.

Tomas Edison elektromobil bilan. 1913-yil / Foto: Vikipediya

Ilk yutuqlar va «oltin davr» (1890 – 1910-yillar)

1890 – 1910-yillar elektromobillarning oltin davri sifatida tarixga kirgan. Bu davrda elektr avtomobillar asosan shahar ichida foydalaniladigan hashamatli transport vositasi bo‘lib, boy-badavlat qatlam vakillari orasida juda mashhur edi. 1900-yilga kelib AQShda harakatlanayotgan avtomobillarning qariyb uchdan biri elektromobillar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan qismi bug‘li va benzinli mashinalardan iborat bo‘lgan.

Buyuk Britaniya sharqiy temir yo‘l kompaniyasi xodimi. Taxminan 1914–1918-yillar / Foto: Vikipediya

Elektromobillar ayniqsa ayollar va jamiyatning yuqori qatlamlari orasida keng tarqaldi. Ularning salonlari shinam, harakati sokin va kundalik foydalanish uchun qulay edi. Shu yillarda elektr avtomobillar bir qator tarixiy rekordlarni ham o‘rnatdi. 1899-yilda belgiyalik poygachi Kamil Jenatssi «La Jamais Contente» nomli elektromobilida soatiga 105 km tezlikka erishib, dunyoda ilk bor 100 km/soat chegarasini bosib o‘tdi.

1900-yilda muhandis Ferdinand Porshe har bir g‘ildiragiga alohida elektromotor o‘rnatilgan, to‘rt g‘ildirakdan tortuvchi ilk elektr avtomobilni yaratdi. Bu model ham bir necha tezlik rekordlariga mualliflik qildi. Aynan shu davrda Detroit Electric, Baker Electric kabi kompaniyalar minglab elektromobillar ishlab chiqardi. «Detroit Electric» brendi, ayniqsa, mashhur bo‘lib, hatto ixtirochi Tomas Edison va uning rafiqasi ham ushbu elektromobillardan foydalangan.

Tanazzul va unutilish davri (1920 – 1960-yillar)

Elektromobillarning oltin davri uzoq davom etmadi. XX asr boshlarida benzinli dvigatel texnologiyasidagi tezkor rivojlanish va neftning arzonligi elektr avtomobillar bozorining pasayishiga olib keldi. 1908-yilda Genri Ford tomonidan arzon va ommaviy Model T avtomobilining ishlab chiqarilishi elektromobillar uchun jiddiy raqobat yaratdi.

Detroit elektromobili 1920 / Foto: Sport Car Market

Model T nafaqat arzon edi, balki 1912-yilda elektr starter ixtiro qilinishi benzinli mashinalarni ishga tushirishni ham ancha osonlashtirdi. Natijada ichki yonuv dvigateliga ega avtomobillar keng omma uchun qulay transport vositasiga aylandi.

Bundan tashqari, shahardan tashqari hududlarda elektr tarmoqlari rivojlanmagan edi, benzin esa deyarli hamma joyda mavjud bo‘lgan. Avtomobil yo‘llarining yaxshilanishi uzoq masofalarga sayohat qilish imkonini oshirdi. Quvvat zaxirasi cheklangan elektromobillar bunday sharoitda raqobatbardosh bo‘la olmadi.

1935-yilga kelib elektromobillar deyarli butunlay ishlab chiqarishdan chiqdi. Keyingi o‘n yilliklar davomida ular asosan sanoat yuk tashish vositalari yoki jamoat elektr transporti sifatida saqlanib qoldi. Mutaxassislar 1920 – 1960-yillarni elektromobillar tarixidagi «qorong‘i davr» deb ataydi. Bu davrda elektr transportga bo‘lgan qiziqish keskin pasayib, faqat ayrim tajribaviy loyihalar bilangina cheklangan.

Qayta jonlanish davri (1970 – 1990-yillar)

Elektromobillarga qiziqish XX asrning ikkinchi yarmida yana paydo bo‘ldi. Bunga asosiy sabab texnologiya emas, balki energiya inqirozi bo‘ldi. 1973-yilda Arab davlatlarining neft embargosi jahon bo‘ylab benzin tanqisligi va narxlarning keskin oshishiga olib keldi. AQSh va boshqa davlatlar xorijiy neftga qaramlikni kamaytirish yo‘llarini izlay boshladi.

Legrand elektromobili 1970 / Foto: CarCoops

1976-yilda AQShda elektromobil va gibrid avtomobillarni tadqiq etishga qaratilgan maxsus qonun qabul qilindi. General Motors, American Motor Company kabi yirik kompaniyalar elektr transport vositalari ustida tajribalar o‘tkazdi. Hatto 1971-yilda NASA tomonidan Oy sathida boshqarilgan Lunar Rover elektromobili butun dunyoga elektr transport imkoniyatlarini namoyish etdi.

Biroq o‘sha davrdagi texnologik cheklovlar elektromobillarning ommaviylashuviga to‘sqinlik qildi. Ular past tezlik va qisqa masofaga yurish imkoniyatiga ega edi. 1980-yillarga kelib neft narxlari barqarorlashgach, elektromobillarga bo‘lgan qiziqish yana pasaydi.

Zamonaviy davrning boshlanishi

XXI asr boshida elektromobillar uchun haqiqiy burilish davri boshlandi. Bunga ikki muhim omil sabab bo‘ldi: gibrid avtomobillarning ommalashuvi va Tesla kompaniyasining paydo bo‘lishi. 1997-yilda Toyota Prius dunyodagi ilk ommaviy gibrid avtomobil sifatida sotuvga chiqdi. Uning muvaffaqiyati jamiyatda elektr texnologiyalariga ishonchni kuchaytirdi.

Peugeot 2008 elektromobili / Foto: Driving electric

2008-yilda Tesla Roadster taqdim etildi. Bu avtomobil bir zaryad bilan 320 km dan ortiq masofani bosib o‘ta olishi bilan elektromobillar haqidagi eski qarashlarni o‘zgartirdi. Tesla litiy-ion batareyalarni muvaffaqiyatli joriy etib, elektr transportining istiqboli borligini isbotladi. Kompaniya davlat ko‘magida tez rivojlandi va butun sanoatni ortidan ergashtirdi.

2010-yillarda Nissan Leaf va Chevrolet Volt kabi modellar ommaviy bozorga chiqdi. Nissan Leaf to‘liq elektr avtomobil sifatida tarixdagi eng ko‘p sotilgan elektromobillardan biriga aylandi. Shu davrdan boshlab elektromobillar global avtomobil sanoatining ajralmas qismiga aylandi.

O‘zbekiston bozorida ham elektromobillarning ulushi ortib bormoqda. Joriy yilning yanvar – noyabr oylarida umumiy ulushning 5,6 foizi yoki sotilgan avtomobilning 21 ming donasi BYD brendiga to‘g‘ri keladi.

Kursiv Uzbekistan dunyodagi eng noodatiy 6 avtomobil haqida yozgan edi.