FIFA 2025-yilning eng yaxshi murabbiylarini e’lon qildi

17-dekabr 2025 00:18 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Luis Enrike / Foto: FIFA

«PSJ»ning ispaniyalik murabbiyi Luis Enrike FIFA talqiniga ko‘ra 2025-yilning eng yaxshi erkaklar murabbiyi deb e’lon qilindi. Bu haqda tashkilotning rasmiy sayti xabar bermoqda.

«PSJ» mutaxassis qo‘l ostida Chempionlar ligasi finalida «Inter» ustidan 5:0 hisobida yirik g‘alaba qozonib, unutilmas natija qayd etdi. Xalqaro maydondagi muvaffaqiyatdan tashqari, jamoa ichki chempionatda ham dominatlik qilib, Fransiya 1-ligasi, Fransiya kubogi va mamlakat Superkubogi g‘olibiga aylandi.

Foto: FIFA

Shuningdek, Enrike shogirdlari tarixda ilk bor o‘tkazilgan FIFA Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finaliga qadar yetib bordi. Musobaqa davomida Parij klubi «Bavariya» va «Real Madrid» kabi grandlarni mag‘lubiyatga uchratib, yorqin o‘yin namoyish etgan.

Sarina Vigman / Foto: FIFA

Tadbir doirasida ayollar futboli bo‘yicha ham eng yaxshilar aniqlandi. Angliya ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Sarina Vigman o‘z faoliyatida rekord darajada beshinchi marta FIFA’ning eng yaxshi ayollar murabbiyi sovrinini qo‘lga kiritdi. U Angliya terma jamoasini UEFA «Yevro – 2025» turnirida chempionlikka yetaklagani uchun ushbu e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Foto: FIFA

Vigman boshchiligidagi inglizlar Yevropa chempionati finalida amaldagi jahon chempioni Ispaniyani penaltilar seriyasida mag‘lub etib, dramatik g‘alabaga erishdilar. Ushbu muvaffaqiyat bilan niderlandiyalik mutaxassis ayollar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida uch marta g‘olib chiqqan ilk murabbiyga aylandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Aitana Bonmati ketma-ket uchinchi yil «The Best» sovrinini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek