Yangiliklar

Italiya tog‘larida minglab qadimiy dinozavr izlari topildi

Stelvio milliy bog‘idagi vertikal qoyada 210 mln yillik izlar aniqlandi
Foto: BBC

Italiyaning shimoliy qismida joylashgan Stelvio milliy bog‘ida 210 mln yil avval yashagan dinozavrlarga tegishli minglab oyoq izlari topildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Olimlarning ta’kidlashicha, topilgan izlarning ayrimlari 40 sm diametrga ega bo‘lib, ular parallel qatorlarda joylashgan va aniq tirnoq izlarini saqlab qolgan. Mutaxassislar ushbu izlarni uzun bo‘yinli va kichik boshli o‘txo‘r dinozavrlar prosauropodlar qoldirgan deb hisoblamoqda. Ushbu jonivorlar uzunligi 10 mgacha yetgan va asosan ikki oyoqda harakatlangan.

Foto: BBC

Milanda faoliyat yurituvchi paleontolog Kristiano Dal Sassoning so‘zlariga ko‘ra, bu hudud «ulkan ilmiy xazina» hisoblanadi. Izlarni o‘tgan yilning sentabr oyida fotograf Elio Della Ferrera tasodifan payqab qolgan.

«Hayvonlar uyg‘unlikda harakat qilgan, hatto mudofaa maqsadida aylana shaklida yig‘ilish kabi murakkab xulq-atvor belgilari ham mavjud», – dedi Dal Sasso.

Stelvio milliy bog‘i Italiyaning Shveytsariya bilan chegaradosh Fraele vodiysida joylashgan bo‘lib, kelasi yili bu yerda Qishki Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Italiya Madaniyat vazirligi ushbu kashfiyotni tabiat va sport o‘rtasidagi ramziy bog‘liqlik sifatida baholadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Boliviyada 16 mingdan ortiq dinozavr izlari topilgani haqida xabar bergan edi.