Avto

Kia Sorento xavfsizlik bo‘yicha yilning eng yaxshi mukofotini qo‘lga kiritdi

Kia
Kia brendi uchun 2025-yilda qo‘lga kiritilgan beshinchi IIHS Top Safety Pick+ mukofoti bo‘ldi
Foto: Car and Driver

KIA’ning 2026-yilgi Sorento modeli avtomobil xavfsizligi sohasida eng nufuzli baholardan biri – IIHS Top Safety Pick+ mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Tarantas News nashri xabar berdi.

Ushbu mukofot AQShdagi Yo‘l harakati xavfsizligini sug‘urtalash instituti tomonidan faqat eng yuqori talablarni bajargan avtomobillarga beriladi.

Institut bahosiga ko‘ra, Sorento 2026 frontal to‘qnashuvning kichik va o‘rtacha qoplanish sinovlarida, shuningdek yangilangan yon zarba testlarida yuqori natijalarni ko‘rsatgan. Bundan tashqari, model piyodalar bilan to‘qnashuvlarning oldini olish bo‘yicha samarali ishlashi va barcha komplektatsiyalarda sifatli standart faralar bilan jihozlangani bilan ajralib turgan.

Bu yutuq Kia brendi uchun 2025-yilda qo‘lga kiritilgan beshinchi IIHS Top Safety Pick+ mukofoti bo‘ldi.

2026-yilgi Sorento standart tarzda zamonaviy to‘qnashuvning oldini olish tizimi bilan jihozlangan. Ushbu tizim oldinda harakatlanayotgan avtomobillarni, piyodalar va velosipedchilarni aniqlaydi, shuningdek chorrahalarda chapga burilish paytida qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan transport vositalarini kuzatadi. IIHS mutaxassislari mazkur tizimlarni yaxshi darajada baholagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla Cybertruck yilning eng xavfsiz pikapi deb topilgani haqida yozgandi.