Mirziyoyev va U Von Shik qanday masalalarni muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri U Von Shik boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tomonlar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Parlamentlararo hamkorlik ushbu aloqalarning muhim yo‘nalishi ekani qayd etildi.
Siyosiy va parlamentlararo aloqalar faollashgani ta’kidlandi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda. Koreyadan iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirishga qaratilgan investitsiyalar ko‘paymoqda.
O‘zbekistonda Koreyaning yetakchi universitetlariga tegishli to‘rtta filial faoliyat yuritmoqda. Hududlarda professional ta’lim markazlari ham samarali ishlamoqda.
Infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika, nodir metallarni qayta ishlash hamda boshqaruv va qonun ijodkorligini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar qo‘llab-quvvatlandi.
Parlamentlararo hamkorlik dasturini ishlab chiqish va parlamentlardagi do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar, jumladan, «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» sammiti doirasidagi uchrashuvlar kun tartibini puxta tayyorlash zarurligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil yanvar-oktabr oylarida O‘zbekiston va Koreya Respublikasining savdo aylanmasi $1,87 mlrdga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston Koreya kompaniyasi bilan gumanoid robotlar ishlab chiqarishi haqida yozgan edi.