
FIFA global norozilikdan so‘ng Jahon chempionati chiptalari narxini qisqartirdi. Xususan, turnir finali uchun eng sodiq muxlislarga $4,1 ming o‘rniga $60 lik chiptalar taklif qilinadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan turnirdagi har bir o‘yin uchun $60 lik chiptalar mavjud bo‘ladi va bu chiptalar ishtirokchi jamoalarning milliy federatsiyalariga beriladi. Federatsiyalar bu chiptalarni avvalgi o‘yinlarga tashrif buyurgan eng sodiq muxlislariga tarqatadi.
Tashkilot narx siyosatini bu qadar keskin o‘zgartirgani sababini aniq aytmadi, biroq pastroq narxlar «o‘z milliy jamoalari ortidan turnir bo‘ylab sayohat qilayotgan muxlislarni qo‘llab-quvvatlash» uchun mo‘ljallanganini bildirdi. 48 ta jamoa ishtirok etadigan ushbu Jahon chempionatidan FIFA kamida $10 mlrd daromad olishi kutilmoqda.

O‘tgan hafta FIFAning dastlabki chipta rejalari e’lon qilinganida, butun dunyo bo‘ylab muxlislar norozilik bildirishgan edi, chunki ishtirokchi jamoalarga eng past narx toifasidagi chiptalar umuman berilmagan. Eng arzon chipta narxlari mezbonlar AQSh, Kanada va Meksika ishtirok etmaydigan guruh o‘yinlari uchun $120 dan $265 gacha bo‘lgan. Bu narxlar musobaqaga mezbonlik qilish uchun ariza topshirilganda va’da qilingan yuz minglab $21 lik chiptalarga to‘g‘ri kelmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «JCh – 2026» o‘yinlariga chipta olish uchun arizalar qabul qilina boshlangani haqida xabar bergan edi.