
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ 2025-yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha 1,3 trln so‘m ($112 mln) miqdorida sof foydaga erishdi. Bu haqda kompaniyaning 15-dekabr kuni kuni e’lon qilingan moliyaviy hisobotida keltirilgan.
Hisobotda yozilishicha, kompaniya 2024-yilning mos davrida 328,5 mlrd so‘mlik zarar ko‘rgan edi. KAP DEPO investitsiya tashkilotiga ko‘ra, moliyaviy natijaning bunday keskin yaxshilanishi to‘g‘ri talqinni talab qiladi.
«Asosiy omil operatsion samaradorlikning oshishi emas, balki milliy valyutaning mustahkamlanishidir», – deya tushuntirgan tashkilot.
Qayd etilishicha, valyuta kursi farqlaridan olingan daromadlar yillik hisobda uch baravar oshib, 0,6 trln so‘mdan 1,8 trln so‘mga yetgan, shu bilan birga valyuta bo‘yicha zararlar 1,4 trln so‘mdan 1,1 trln so‘mgacha kamaygan.
Investitsiya tashkilotining ta’kidlashicha, kursga yuqori sezgirlikning ta’sir qilishiga «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning katta hajmdagi valyuta majburiyatlarini olgani ham sabab bo‘lishi mumkin. 2025-yilning sentabr oyi holatiga ko‘ra, kompaniyaning uzoq muddatli kreditlari 24,0 trln so‘mni tashkil etdi.
«Shu fonda so‘m mustahkamlanishining ta’siri foydaning asosiy drayveri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu bilan birga, yuqori qarzdorlik kompaniya uchun yangilik emas», – deya yozadi KAP DEPO.
Sababi 2021-yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra ham bank kreditlari 19 trln so‘mdan oshgan edi. Investitsiya tashkilotining ta’kidlashicha, joriy moliyaviy natija biznesda tizimli yaxshilanishni aks ettirmaydi, u asosan valyuta xarajatlari va foiz yukining kamayishi hisobiga shakllangan.
2025-yilning 13-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga temir yo‘l sohasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish rejalari yuzasidan ma’lumot berilgan edi. Unda aholi soni va iqtisodiyot o‘sishiga mos ravishda temir yo‘l transporti xizmatlarining sifati hamda qamrovini kengaytirish, tarmoqda xarajatlarni qisqartirishni davom ettirish zarurligi ta’kidlangandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy banklari «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘li uchun 2,3 milliard dollar ajratgani haqida xabar berilgandi.