O‘zbekistonda sud majlislari internet orqali translyatsiya qilinishi mumkin

eʼlon qilindi
Sudlarda masofadan onlayn ishtirok etish yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda sud majlislari internet orqali translyatsiya qilinishi mumkin / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy sud faoliyatini samaradorligi va fuqaro hamda tadbirkorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, joriy yilda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada samarali qilish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. 2021-yilda Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risidagi qonun yangi tahrirda qabul qilinib, samarali konstitutsiyaviy nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Taqdimot davomida sudning vakolatlarini to‘laqonli amalga oshirish va faoliyatini raqamlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Har yili konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash bo‘yicha taklif va tavsiyalarni amalga oshirish samaradorligini oshirish rejalashtirildi.

Fuqaro va tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartib-taomillari maqbullashtiriladi, sansalorliklar bartaraf etiladi. «Konstitutsiyaviy shikoyat» institutining samaradorligini oshirish maqsadida sud hujjati Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topilgan taqdirda tegishli hujjatni qayta ko‘rib chiqish tartibi joriy etiladi.

Sud faoliyatini raqamlashtirish doirasida majlislarda masofadan onlayn ishtirok etish, sud majlislarini internet orqali translyatsiya qilish va vazirlik hamda idoralar o‘rtasida elektron axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Konstitutsiyaviy sudning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi. Sudning Osiyo konstitutsiyaviy sudlari assotsiatsiyasiga raisligi doirasida mamlakatimizda va xorijda bir qator xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlarga qo‘yilgan 1,6 mingdan ortiq majburiy talablar bekor qilingani haqida yozgan edik.

Shuningdek