O‘zbekistonliklarga ta’lim olish va mashina sotib olishga ko‘proq kredit ajratildi

O‘zbekistonda tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilgan ta’lim krediti va avtokreditlar miqdori mos ravishda 16,2 va 7 foizga o‘sdi. Bu haqda Markaziy bankning joriy yil dekabr oyida e’lon qilingan hisobotida keltirilgan.
Bank hisobotida berilgan statistikaga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki 9 oyi davomida o‘zbekistonliklarga mashina xarid qilish uchun 13,7 trln so‘m kredit berilgan. Bu miqdor o‘tgan yilning yanvar-sentabr oylarida taqdim qilingan avtokredit miqdoridan 7 foizga (949 mlrd so‘m) ko‘pni tashkil qilmoqda.
Mutaxassis nima deydi
Tahririyat raqamlardagi o‘sish haqida qo‘shimcha ma‘lumot olish uchun bank mutaxassisi bilan bog‘landi. Kursiv muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda u hozirda banklar nega birlamchi avtomobil bozorini faol tarzda avtokreditlashni boshlaganini tushuntirdi. Uning aytishicha, kreditni avtomobil bozoriga yo‘naltirishning xavfi boshqa yo‘nalishlarga qaraganda nisbatan kamroq hisoblanadi va ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotini tezroq sotish imkoniyatini beradi.

Ta’lim kreditida qanday o‘sish kuzatildi?
Shuningdek, kreditning ta‘lim sohasiga yo‘naltirilishida ham yuqoriga siljish kuzatilgan. Bu talabalikka tavsiy qilinganlar soni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bir yil oldin aholiga ta’lim krediti uchun mos davrda 595 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, joriy yil yanvardan sentabrgacha 661 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, 16,2 foizga (66,6 mlrd so‘m) o‘sish kuzatilgan.

O‘tgan yilning mart oyidan tashqari sentabr oyigacha ta‘lim krediti uchun olingan mablag‘larda yuqorilash kuzatilmagandi. Ammo oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv boshlanishi bilanoq, sentabrda ta‘lim kreditini oluvchilar soni oshdi, ular tomonidan 148 mlrd so‘m kredit olingan. Joriy yilning dastlabki 8 oyi davomida banklar tomonidan berilgan ta’lim kreditining miqdori biror marta ham 100 mlrd so‘mdan oshmadi. Ammo sentabrga kelib, bu ko‘rsatkich 425,6 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024–2025-yilgi o‘quv yili uchun 186 ming 871 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgandi. Bu yil esa 195 mingdan ortiq abituriyent talaba bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki O‘zbekistonda talabalarni moliyalashtirish tizimini modernizatsiya qilish uchun $250 mln miqdorida kredit ajratishni ma’qullagandi.