O‘zbekistonliklarning katta qismi qishda Rossiyaga ketyapti

eʼlon qilindi
Safarga chiqayotganlarning aksariyati nima maqsadda yo‘l olmoqda
Toshkent xalqaro aeroportining kelish zalida E-Gate tizimi ishga tushdi
Foto: Uzbekistan Airports

O‘zbekiston fuqarolarining katta qismi qish oylarida asosan Rossiyaga parvozni amalga oshirmoqda. Bu bo‘yicha Aviasales.uz eng ko‘p tanlanadigan aviayo‘nalishlarni ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Rossiyaga ketayotganlar xorijga safar qilayotganlar umumiy sonining 35 foizini tashkil qiladi. 12 foiz kishi esa BAAga yo‘l olgan. Turkiyani tanlaganlar 9 foizga teng. Shuningdek, 6 foiz o‘zbekistonliklar Xitoyga bormoqda. Saudiya Arabistoni, Malayziya va Tailand yo‘nalishlariga har biriga 3 foizdan to‘g‘ri kelgan.

Xorijga chiquvchilar orasida Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga qiziqish ortgan. O‘tgan qish mavsumi bilan taqqoslaganda, Malayziyaga bo‘lgan talab 3 marotaba oshgan. Tailandga parvozlar soni ham 40 foizga ko‘paygan.

Chet elga oilasi bilan sayohat qilayotgan yo‘lovchilarning ulushi 2024-yilgi ko‘rsatkichda qolgan va taxminan 8 foizni tashkil etmoqda. Oilaviy ta’til uchun ko‘p hollarda BAA (14 foiz), Tailand va Saudiya Arabistoni (har biri 12 foiz), shuningdek Malayziya (9 foiz) tanlanmoqda. Parvoz qilayotganlarning aksariyati, aniqrog‘i 84 foizi Toshkentdan uchayotgan bo‘lsa, poytaxtdan keyingi o‘rinlarda Samarqand (6 foiz) va Farg‘ona qayd etilgan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar – oktabr oylarida jami 237,1 ming o‘zbekistonlik turistik maqsadlarda Saudiya Arabistoniga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 96 ming nafarga yoki 68 foizga oshgan. Ammo ushbu 10 oy davomida O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p safar qilgan davlatlar qatoridan qo‘shni mamlakatlar – Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston o‘rin olgan.

Turkiyaga yo‘l olganlarning soni ham ancha ildamlagan. Joriy yilning 10 oyi davomida 230 mingdan ortiq kishilar ushbu davlatga sayohatga ketgan. O‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda bu 32,3 ming nafarga yoki 16,3 foizga ko‘paydi, degani. Tailandga ketuvchilar ham ortgan. Yanvar – oktabr oylarida o‘tgan yilgi davrga qaraganda 55,3 foiz ko‘proq odam ushbu tropik mamlakatga jo‘nab ketgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning 1-avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari 40 ga yaqin davlatga vizasiz, yana 42 ta mamlakatga esa vizani soddalashtirilgan tartibda — ya’ni kelganda viza olish (visa on arrival) yoki elektron viza (e-visa) orqali kirish imkoniga ega.

Bundan tashqari, Chernogoriya hukumati 1-noyabrdan O‘zbekiston fuqarolari uchun amal qilib kelgan vaqtinchalik vizasiz tartibni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Shuningdek