Ramziy jamoa, «Fair Play» va Pushkash sovrini: FIFA yilning eng yaxshilarini e’lon qildi

17-dekabr 2025 01:16 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: Soccer24

16-dekabr kuni FIFA 2025-yil yakunlari bo‘yicha «The Best» mukofoti g‘oliblarini e’lon qildi. Tantanali marosimda eng yaxshi erkak va ayol darvozabonlar, yilning ramziy terma jamoalari hamda «Fair Play» va Pushkash sovrini egalari taqdirlandi.

Yilning eng yaxshi erkak darvozaboni deb Janluiji Donnarumma topildi. Hozirda «Manchester Siti» sharafini himoya qilayotgan italiyalik posbon o‘tgan mavsumda «PSJ» tarkibida Fransiya chempionati, Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritgan, shuningdek, Yevropa Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan edi.

Foto: FIFA

Ayollar o‘rtasida esa ushbu sharafga angliyalik Xanna Xempton loyiq ko‘rildi. «Chelsi» a’zosi Angliya terma jamoasi bilan «YEVRO – 2025» g‘olibi bo‘ldi va klub miqyosida trebl qayd etdi. Xempton Meri Irpsdan keyin ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan ikkinchi angliyalik darvozabonga aylandi.

Foto: FIFA

Erkaklar o‘rtasidagi yilning ramziy terma jamoasidan, asosan, «PSJ»ning sobiq va amaldagi futbolchilari o‘rin oldi. Tarkibga Janluiji Donnarumma, Ashraf Hakimi, Uilyam Pacho, Nuno Mendes, Vitinya va Usmon Dembele kiritilgan. Shuningdek, 18 yoshli Lamin Yamal va Koul Palmer ham ramziy jamoada qayd etildi.

Foto: FIFA

Ayollar ramziy jamoasi esa to‘liq Ispaniya va Angliya vakillaridan tashkil topdi. Bu «YEVRO – 2025» finalida to‘qnash kelgan ikki yetakchi terma jamoaning ustunligini ko‘rsatadi. Ispaniyadan 7 nafar, Angliyadan esa 4 nafar futbolchi ro‘yxatdan joy oldi.

Foto: FIFA

Ferens Pushkash nomidagi yilning eng chiroyli goli uchun mukofot argentinalik Santyago Montielga nasib etdi. «Independyente» klubi yarim himoyachisi «Independyente Rivadavia» darvozasiga jarima maydoni tashqarisidan chalqancha uslubda super gol urishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Foto: FIFA

FIFA «Fair Play» sovrini germaniyalik shifokor Andreas Xarlas Noykingga topshirildi. «SSV Jahn Regensburg» jamoasi shifokori o‘tgan yilning aprel oyida o‘yin vaqtida hushini yo‘qotgan muxlisga zudlik bilan yordam ko‘rsatib, uning hayotini saqlab qolgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIFA 2025-yilning eng yaxshi murabbiylarini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek