Samsung, Havas, Uzum: yana qaysi kompaniyalar eng ko‘p soliq to‘lagan

Davlat soliq qo‘mitasi 2025-yil yanvar – oktabr oylarida savdo sohasida faoliyat yuritgan yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, ushbu davrda savdo tarmog‘ida 151 492 ta yuridik shaxs faoliyat ko‘rsatgan.
Savdo sohasida umumiy tovar aylanmasi 656,5 trln so‘mni tashkil etdi. To‘langan soliqlar hajmi 28,9 trln so‘mga yetdi. Soliq imtiyozlari esa 5,6 trln so‘mni tashkil qilgan.
Shundan TOP – 20 yirik soliq to‘lovchi korxonalar hissasiga 45,5 trln so‘mlik tovar aylanmasi to‘g‘ri kelgan. Ular tomonidan jami 2,3 trln so‘m soliq to‘langan. Ushbu kompaniyalar savdo sohasidagi jami soliq tushumlarining 8 foizini shakllantirgan.

Eng ko‘p soliq to‘lagan korxonalar reytingida birinchi o‘rinni «Anglesey Food» MCHJ XK egalladi. Kompaniya 323,7 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Ikkinchi o‘rinda «Total Oil Invest» MCHJ 277,5 mlrd so‘m bilan qayd etildi. Kuchli uchlikni 195 mlrd so‘m soliq to‘lagan «Uzum Market» MCHJ XK yakunlab berdi.
Shuningdek, yetakchilar qatoridan «Namangan-Istiqlol Bog‘i», «UNG Petro», «ASR and Co», «Alif Moliya», «Intermax Petroleum», «Grand Pharm Trade» va «Nestle Food» kabi yirik kompaniyalar ham joy oldi. Reytingda xorijiy korxonalar va qo‘shma korxonalar ulushi ham yuqori bo‘ldi.
TOP – 20 kompaniyalar tomonidan to‘langan soliqlarda qo‘shilgan qiymat solig‘i yetakchi o‘rinni egalladi. Uning ulushi 812,5 mlrd so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, aksiz solig‘i 502,3 mlrd so‘m, foyda solig‘i 392,7 mlrd so‘m, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i esa 354,4 mlrd so‘m bo‘lgan.
«Kursiv» nashri Toshkentda tadbirkordan pora olgan ikki soliq inspektoriga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgan edi.