Yangiliklar

Tojikistonda elektron sigaretlar to‘liq taqiqlanmoqda

Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida bu kabi mahsulotlar uchun taqiq mavjud
Tojikistonda elektron sigaretlar to‘liq taqiqlanmoqda / Foto: Novosti Mail

Rustam Emomali Tojikistonda elektron sigaretalarning foydalanilishi, ishlab chiqarilishi va muomalasini to‘liq taqiqlash bo‘yicha qonunchilik tashabbusini ishlab chiqishni topshirdi. Bu haqda u Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Majlisi milliyning to‘rtinchi sessiyasida ma’lum qildi.

Qaror millat genofondini va aholi, ayniqsa o‘smirlar va yoshlar salomatligini himoya qilish maqsadida qabul qilinmoqda. Muvofiq xulosalarga ko‘ra, elektron sigaretalardan faol foydalanish nafas yo‘llari, yurak-qon tomir tizimi va o‘pka kasalliklariga, jumladan onkologik kasalliklarga olib kelishi mumkin.

Parlament yuqori palatasi raisi elektron sigaretalar tarqalishini cheklash va fuqarolar salomatligi uchun xavflarni kamaytirish maqsadida qonunchilik choralarini tezkor qabul qilish zarurligini aytdi.

Ma’lumot uchun, Veyp va IQOS sigaret chekishga muqobil qurilmalar hisoblanadi. Veyp turli ta’mga ega suyuqlikni bug‘lantiradi va nikotinsiz variantlarga ham ega bo‘lishi mumkin. IQOS esa haqiqiy tamakini kuydirmasdan qizdiradi va tamaki ta’mini taqlid qiladi, lekin faqat tamaki stiklari bilan ishlaydi. Asosiy farq shundaki, veyp suyuqlik, IQOS esa tamaki bilan ishlaydi.

Markaziy Osiyo mintaqasida boshqa davlatlar ham allaqachon elektron sigaretalarga to‘liq taqiq joriy qilgan. Qirg‘izistonda 2025-yil 1-iyuldan, O‘zbekistonda 2025-yil 27-noyabrdan, Qozog‘istonda 2024 – 2025-yillardan boshlab elektron sigaretalar, veyplar, ular uchun suyuqliklar sotish va tarqatish taqiqlangan. Turkmanistonda esa elektron sigaretalar anchadan buyon to‘liq taqiqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga taqiqlangan elektron sigaretalarni olib kirganlar 200 mln so‘mgacha jarima to‘lashi haqida yozgan edik.