
Yevropa Ittifoqi 2035-yildan boshlab yangi benzin va dizel dvigatelli avtomobillarni sotishni to‘liq taqiqlash rejasiga o‘zgartirish kiritdi. Avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalarining bosimi ostida nol emissiya talabi 100 foizdan 90 foizga tushirildi.
Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (ACEA) elektromobillarga bo‘lgan talab pastligi va qoidalar o‘zgarmasa, ishlab chiqaruvchilar milliardlab yevro miqdorida jarimaga tortilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Yangi rejaga muvofiq, 2035-yildan boshlab sotiladigan yangi avtomobillarning 10 foizi an’anaviy yoki gibrid dvigatelli bo‘lishiga ruxsat beriladi.

Buning evaziga atrof-muhitga zararni qoplash uchun bioyonilg‘i va karbonat angidriddan sintez qilingan e-yonilg‘idan foydalanishni ko‘paytirish hamda ishlab chiqarishda kam uglerodli po‘latni qo‘llash talab etiladi. Ushbu qaror soha vakillari tomonidan turlicha kutib olindi.
Germaniyaning Volkswagen konserni loyihani iqtisodiy jihatdan asosli va bozor sharoitlariga mos pragmatik qadam deb baholadi. Aksincha, to‘liq elektrlashtirishga o‘tgan Volvo kompaniyasi uzoq muddatli majburiyatlarni qisqa muddatli foyda uchun kuchsizlantirish Yevropaning raqobatbardoshligiga putur yetkazishini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ispaniyaning Santana avtomobil brendi yana bozorga qaytayotgani haqida xabar bergan edi.