2026 – 2027-yillarda «E-KSUD» axborot tizimi joriy etiladi

Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini oshirish, Konstitutsiyaviy sud ishlarini raqamlashtirish va odil sudlov kafolatlarini kuchaytirish maqsadida yangi farmon qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Farmonga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirishning asosiy maqsadlari: fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan konstitutsiyaviy nazoratni o‘rnatish va sud ishlarini to‘liq raqamlashtirish orqali shaffoflikni oshirish.
Sudga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish huquqi bo‘lmagan shaxslarning arizalari tegishli subyektlarga yo‘naltiriladi va murojaatlar yuzasidan axborot taqdim etish tartibi joriy etiladi.
Konstitutsiyaviy sud 2026-yil 1-iyunga qadar murojaatlarni qabul qilish, sud ishlarini yuritish va qarorlar qabul qilish tartibini belgilovchi konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqadi. Shuningdek, konstitutsiyaviy shikoyat instituti samaradorligini oshirish choralarini ko‘radi.
2026 – 2027-yillarda «E-KSUD» axborot tizimi joriy etiladi. Tizim orqali fuqaro va yuridik shaxslar elektron shaklda murojaat qilish, murojaatlarni onlayn kuzatish, interaktiv xizmatlardan foydalanish va sud majlislarini jonli efir orqali kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tizim davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi va ma’lumotlar elektron so‘rov orqali bepul olinadi.
Sud xodimlari uchun qo‘shimcha shtat birliklari ajratiladi, mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi belgilandi. Sud binosi alohida joyga ko‘chiriladi, rekonstruksiya qilinadi va jihozlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yil uchun «Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun ma’qullangani haqida xabar bergan edik.