
Counterpoint Research kompaniyasi 2026-yil uchun smartfon bozori bo‘yicha prognozini qayta ko‘rib chiqdi. Tahlilchilarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha smartfon yetkazib berish hajmi 2,1 foizga kamayadi. Bunga asosiy sabab xotira chiplarining keskin qimmatlashuvi bo‘lib, bu qurilmalar tannarxi va ayniqsa, arzon smartfonlarga bo‘lgan talabga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

DRAM xotirasi narxining oshishi sabab prognoz avvalgi kutilmalarga nisbatan 2,6 foizga pasaytirildi. Eng katta zarba Xitoy brendlariga, jumladan, Honor, Oppo va Vivo kompaniyalariga to‘g‘ri kelishi aytilmoqda.
Baholashlarga ko‘ra, 2025-yil boshidan beri arzon segmentdagi smartfonlar tannarxi qariyb 25 foizga, o‘rta segmentda 15 foizga, yuqori segmentda esa 10 foizga oshgan.
Mutaxassislar bu jarayon hali to‘xtamasligini ta’kidlamoqda. 2026-yil ikkinchi choragi oxirigacha xotira narxlari yana 10 – 15 foizga oshishi mumkin. Eng yomon ssenariyda bu ko‘rsatkich 40 foizgacha yetishi ehtimoli bor.

Natijada $200 gacha bo‘lgan arzon smartfonlar ishlab chiqarish iqtisodiy jihatdan foydasiz bo‘lib bormoqda. Shu sababli ayrim ishlab chiqaruvchilar budjet modellari sonini qisqartirmoqda, ba’zilari ularni butunlay bekor qilmoqda. O‘rtacha narxlar ham oshmoqda. Endi smartfonlarning o‘rtacha narxi yiliga 6,9 foizga ko‘tarilishi kutilmoqda, bu avvalgi prognozdan deyarli ikki barobar yuqori.
Yangi sharoitga eng yaxshi moslashgan kompaniyalar sifatida Apple va Samsung tilga olinmoqda. Ular premium segmentdagi kuchli pozitsiyalari va katta hajmdagi ishlab chiqarish imkoniyatlari hisobiga bosimni yengib o‘ta oladi. Boshqa brendlar esa xarajatlarni kamaytirish uchun kameralar, ekranlar va xotira imkoniyatlarini soddalashtirishga, eski komponentlardan foydalanishga va xaridorlarni qimmatroq modellarga yo‘naltirishga majbur bo‘ladi.
Umuman olganda, prognozlar 2026-yilda smartfonlar yanada qimmatlashishi, arzon segmentdagi tanlov esa sezilarli darajada kamayishini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilning eng yaxshi hamyonbop smartfonlari haqida ma’lumot berilgandi. Tom’s Guide joriy yilning bir qator smartfonlarini sinovdan o‘tkazib, ularning eng arzon va eng yaxshilari bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi.