Buyuk Britaniya Farg‘ona kimyo zavodi va yana uchta kompaniyaga sanksiya kiritdi

Buyuk Britaniya 18-dekabr kuni Farg‘ona kimyo zavodi va O‘zbekistondagi yana uchta kompaniyaga nisbatan sanksiya joriy etdi.
Kompaniya aktivlarini muzlatish va ishonchli xizmatlarni ko‘rsatishni taqiqlash chorasi qo‘llanildi. Buyuk Britaniya hukumati zavod Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar yoki texnologiyalar yetkazib bergan deb hisoblamoqda.
Shuningdek, sanksiyalar O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan boshqa kompaniyalarga ham ta’sir qildi:
- GELION BUSINESS TRADE MCHJ (Toshkent) – Britaniya tomoni kompaniya Ukrainadagi vaziyatni barqarorlashtirishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib bergan deb hisoblaydi;
- LLC JV Chemistry International (Navoiy viloyati) – sanksiya ro‘yxatiga Ukraina manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar yetkazib berishi mumkinligi sababli kiritilgan;
- Raw Materials Cellulose MCHJ (Jizzax viloyati) – Ukraina suverenitetiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan mahsulot yoki texnologiyalar yetkazib berishi gumon qilinmoqda.
Shuningdek, Toshkentda tug‘ilgan va O‘zbekiston, Isroil hamda Rossiya fuqaroligiga ega Rustam Muminovga ham sanksiyalar joriy etildi. Britaniya ma’lumotlariga ko‘ra, u moliyaviy xizmatlar yoki resurslarni taqdim etishda ishtirok etib, Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirishga hissa qo‘shgan bo‘lishi mumkin.
Umuman olganda, Buyuk Britaniya sanksiyalar rejimini yangilash doirasida 24 yangi jismoniy va yuridik shaxsni qo‘shdi. Barcha subyektlarga aktivlarni muzlatish va qo‘shimcha moliyaviy cheklovlar tatbiq etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Moliya vazirligi O‘zbekiston kompaniyasiga sanksiya qo‘llagan edi.