
BBC xabariga ko‘ra, FIFA brendi ostidagi yangi futbol o‘yinlarini ishlab chiqish va nashr etish huquqi Netflix’ga topshirildi. Bu qaror bilan Netflix ilk bor FIFA litsenziyasi asosida videoo‘yin yaratadigan kompaniyaga aylandi.
Loyiha ustida Delphi Interactive studiyasi ishlamoqda. O‘yin 2026-yil futbol bo‘yicha Jahon chempionati oldidan taqdim etilishi rejalashtirilgan. Bu qaror Netflix’ning o‘yinlar yo‘nalishiga kirib borishini yanada kuchaytiradi.
O‘yin Netflix obunachilariga bepul taqdim etiladi. Uni ishga tushirish uchun iOS yoki Android qurilmalarida, shuningdek, ayrim aqlli televizorlarda Netflix ilovasi bo‘lishi kifoya.
FIFA o‘yinlari bundan oldin 30 yildan ortiq vaqt davomida Electronic Arts (EA) tomonidan ishlab chiqarilgan. EA 2023-yilda litsenziyadan voz kechganidan so‘ng, simulyatorlar EA Sports FC nomi bilan davom ettirilgan edi. Yangilangan nomga qaramay, EA FC 24 bozorda muvaffaqiyat qozonib, 2023-yilda Buyuk Britaniyada eng ko‘p sotilgan o‘yin bo‘ldi.
FIFA prezidenti Janni Infantino Netflix bilan hamkorlikni raqamli futbolning yangi davri boshlanishi deb atadi. Biroq ayrim muxlislar o‘yinning asosan mobil qurilmalar uchun mo‘ljallangani borasida shubha bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan muxlislar noroziligidan so‘ng FIFA JCh chiptalarining narxini pasaytirgani haqida yozgan edi.