
Hongqi elektromobillari 2027-yildan qattiq holatli batareyalar bilan jihozlanishi kutilmoqda. CarNewsChina xabariga ko‘ra, kompaniya 2027-yil oxiriga borib prototipdan kichik seriyali ishlab chiqarishga o‘tishni rejalashtirgan.
FAW 66 Ah sig‘imli qattiq holatli batareya elementlarining sinov ishlab chiqarishini yakunlagan. Bundan tashqari, kompaniya energiya zichligi, resurs muddati, termal boshqaruv va masshtablash kabi texnik muammolarni hal qilish uchun 27 ta sanoat hamkori bilan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Prototip batareyalar Hongqi’ning yuqori toifali sedan va yo‘ltanlamas modellarida uzoq masofaga mo‘ljallangan ishlash rejimlarida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Sanoat prognozlariga ko‘ra, Xitoyda qattiq holatli batareyalar 2026 – 2027-yillarda kichik hajmda avtomobillarda qo‘llanila boshlashi mumkin. Dastlabki namunalarda energiya zichligi 350 – 400 Wh/kg atrofida bo‘lishi, 2030-yilda 400 – 500 Wh/kg hamda 2035-yilgacha 500 Wh/kg dan oshishi prognoz qilinmoqda. Bu uzoq masofa va xavfsizlikni oshirish imkonini beradi.
FAW strategiyasi elektrlashtirish jarayonini sanoat hamkorligi bilan birlashtiradi. Dastlab texnologiya Hongqi’ning yuqori segmentdagi modellarida qo‘llanadi, keyinchalik energiya zichligi oshishi va ishlab chiqarish arzonlashishi bilan kengroq modellar ketma-ketligida joriy qilinishi mumkin.
Xitoyda qattiq holatli batareyalarga bo‘lgan investorlar qiziqishi ham kuchaygan. Ayrim konsept kompaniyalari ulushi 100 foizdan ko‘proq oshgani, sektorda o‘rtacha o‘sish 60 foizdan yuqori bo‘lgani aytilmoqda. Boshqa yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilar, jumladan GAC, pilot ishlab chiqarish liniyalarini ishga tushirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Hongqi E702 flagman elektromobilining ilk prototipi taqdim etilgani haqida yozgan edi.