Honor Magic 8 Pro yanvar oyida Yevropaga chiqadi

18-dekabr 2025 12:46 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Honor

Honor kompaniyasi Honor Magic 8 Pro flagmanini Yevropa bozoriga chiqarishga tayyorlanmoqda. Bu haqda GSMArena xabar bermoqda.

Smartfon Xitoyda kuzda taqdim etilgan va noyabr oyida Malayziyada savdoga chiqqan edi. Oldindan buyurtmalar Bolgariyada 15-yanvardan qabul qilina boshlaydi. Narxi 1100 yevro etib belgilangan. 29-yanvardan sotuv boshlangach narx 1299 yevroga oshadi. Ushbu summa evaziga xaridor 12 GB operativ va 512 GB ichki xotirali versiyani oladi. Ranglar – qora va oltin.

Magic 8 Pro Honor Care+ xizmati bilan yetkaziladi. Bu ekran shikastlanganda uni 50 yevro to‘lab bir marta almashtirish imkonini beradi.

Smartfon 6,71 dyuymli LTPO OLED ekranga ega bo‘lib, 120 Hz yangilanish tezligi, 4320 Hz PWM boshqaruvi va 6000 nitgacha yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori asosida ishlaydi.

Orqa tomonda uch kamerali tizim o‘rnatilgan. Old kamera 50 megapikselli.

Akkumulyator sig‘imi 6270 mA/soat bo‘lib, 100 vattli simli va 80 vattli simsiz tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfon suv va changdan himoyalanish darajasi IP68, IP69 va IP69K sertifikatlariga ega. U Android 16 operatsion tizimi asosida ishlaydi va yettita yirik OS yangilanishiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Honor WIN smartfonlar seriyasini e’lon qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek