Gadjetlar

Ilk bukiluvchi iPhone tasvirlari paydo bo‘ldi

Kamera blokining shakli iPhone Air dizayniga o‘xshaydi
Foto: iPhone-Ticker

Internetda ilk bukiluvchi iPhone smartfoni haqidagi navbatdagi ma’lumotlar tarqaldi. Iphone-Ticker sayti CAD-chizmalarga asoslangan birinchi renderlarni e’lon qildi.

Rasmlarda ko‘rinishicha, kamera blokining shakli iPhone Air dizayniga o‘xshaydi, biroq ikkita modulga ega. Avvalgi sizdirilgan ma’lumotlarda ham bukiluvchi iPhone ikki Air modelining birlashtirilgan ko‘rinishiga o‘xshashi aytilgandi.

Chizmalar qurilmaning taxminiy o‘lchamlarini ham ko‘rsatadi. Bukilgan holda u 83,8 x 120,6 x 9,6 mm bo‘ladi. Bu juda yupqa deb bo‘lmasa-da, bukiluvchi qurilmalar orasida raqobatchi bo‘ladigan daraja. Yoyilgan holatda kengligi 167,6 mm yetadi. Taqqoslash uchun Samsung Galaxy Z Fold7 o‘lchamlari 158,4 x 72,8/143,2 x 8,9 mm bo‘lgan. Demak, Apple formatni o‘zgacha yondashuv bilan tanlagan.

Foto: iPhone-Ticker

Renderlarda asosiy ekran diagonalining 7,76 dyuym bo‘lishi ko‘rinadi. Bu iPad mini ekranidan biroz kichik. The Information manbasida ham ichki ekran 7,7 dyuym, tashqi ekran esa 5,3 dyuym bo‘lishi aytilgan edi. Ushbu raqamlar CAD chizmalardagi o‘lchamlarga mos kelmoqda.

Hozircha Apple rasmiy tasdiq berganicha yo‘q. Biroq ushbu ma’lumotlar kompaniyaning bukiluvchi smartfon segmentiga yaqinlashayotganidan darak beradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi MacBook uchun Apple eski A15 chipini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.